English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mol-mulk va yer solig‘ini o‘z vaqtida to‘lang
18:02 / 2022-10-11

Buxoroda 224 ming nafardan ortiq jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘ini muddatidan oldin to‘lagan.

Shu kungacha, Buxoro viloyatidagi 539 ming 138 nafar soliq to‘lovchilardan 224 ming nafardan ortiq jismoniy shaxslar joriy yil uchun hisoblangan mol-mulk va yer solig‘i to‘lovlarini to‘liq to‘lab bo‘ldi.

–Tahlillarga ko‘ra, viloyatdagi 4 ta hudud bu borada yetakchi, – deydi Buxoro viloyati DSB mas’ul xodimi B.Qudratov. – Xususan, yillik hisoblangan soliqlarning Kogon shahri aholisi 57 foizini, Buxoro shahri aholi 51 foizini, Qorovulbozor tumani aholisi 52 foizini va G‘ijduvon tumani aholisi 51 foizini to‘lab bo‘ldi. Raqamlar bilan aytganda bugungi kunga qadar yurtimiz kelajagi uchun daxldorlik hissi bilan yashayotgan fuqarolar tomonidan qariyb 153,7 milliard so‘mlik soliq to‘lovlari amalga oshirilgan.

Afsuski, viloyatning boshqa hududlaridagi mol-mulk va yer solig‘i to‘lovlarini to‘lash majburiyatiga ega soliq to‘lovchilarda ana shunday faollik sezilmayapti.

Viloyatdagi 196 ming 557 nafar jismoniy shaxs joriy yilda hisoblangan soliqlar hisobidan hali biror so‘m ham to‘lov amalga oshirmagan. Vaholanki, joriy yilda hisoblangan soliqlarning 50 foizi 15 aprelgacha to‘langan bo‘lishi kerak edi. Bunday fuqarolar Shofirkonda 18 ming 127 nafar, Jondorda 19 ming 237 nafar, Qorako‘lda 16 ming 697 nafar, Olot tumanida 13 ming 282 nafar va Peshku tumanida 11 ming 441 nafarni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, Soliq kodeksining 423-moddasiga binoan, soliq davri uchun soliqni to‘lash teng ulushlarda 15 aprelga va 15 oktyabrga qadar amalga oshiriladi.

Unutmaslik kerakki to‘lanayotgan soliqlar mahalliy byudjet daromadlarini to‘ldiradi. Shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uy-joy kommunal xo‘jalik ob’ektlarini ta’mirlash va aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga sarflanadi.

Zarif Komilov, O‘zA