Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mol-mulk va yer solig‘i to‘lashni unutmang
19:08 / 2014-09-15

– Fuqarolar bu boradagi burchlarini bajarishlari bilan mahalliy byudjet daromadlarini to‘ldirishga hissa qo‘shadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Jismoniy shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinborasi Ravshan Nasimov.

Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 51-modda)

Bu turdagi soliq obyektiga ko‘chmas mulk – uy-joy, kvartira, dala hovli, garaj va boshqa imoratlar, inshootlar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkalari kiradi. Ushbu obyektlarning qiymati va egallagan yer maydoni soliq solinadigan baza hisoblanadi.

– Fuqarolar bu boradagi burchlarini bajarishlari bilan mahalliy byudjet daromadlarini to‘ldirishga hissa qo‘shadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Jismoniy shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinborasi Ravshan Nasimov. – Bu shahar va tumanlarni iqtisodiy rivojlantirish, obodonlashtirish, aholi manfaatlarini ta’minlash hamda ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan tadbirlarni moliyalashtirishga sarflanadi.

Ma’lumki, soliq stavkalari har yili qayta ko‘rib chiqiladi. Xususan, Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 25-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2014-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i 1,15, yer solig‘i 1,20 baravarga indeksatsiya qilindi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari har yili 1-yanvar holatiga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ taqdim etadigan ma’lumotlarga asosan hisoblab chiqariladi. Mol-mulk va yer soliqlari summasi hamda uni to‘lash muddatlari ko‘rsatilgan to‘lov xabarnomasi jismoniy shaxslarga davlat soliq xizmati organlari tomonidan har yili 1-maydan kechiktirmay topshiriladi.

Mol-mulk va yer solig‘i to‘lash borasida ayrim imtiyozlar ham belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 25-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2014-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan Soliq kodeksining ayrim moddalariga ana shunday imtiyoz nazarda tutilgan o‘zgartishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-aprelidan boshlab o‘n nafar va undan ortiq bolalari bor ayollar, pensionerlar hamda birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga qonun hujjatlarida belgilangan soliq solinmaydigan maydon o‘lchami doirasida mol-mulk solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi. Bu o‘lcham 60 kvadrat metrni tashkil etib, imtiyozdan foydalanuvchi fuqaroning egaligidagi uy-joy hajmi undan oshganda u shu qism uchun belgilangan stavkada soliq to‘laydi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, mazkur qonun bilan Chernobil AESidagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan fuqarolar uchun belgilangan mol-mulk solig‘iga oid imtiyoz bekor qilindi. Yaylov chorvachiligining cho‘ponlari, yilqiboqarlari, mexanizatorlari, veterinariya vrachlari va texniklari, boshqa mutaxassislari va ishchilari hamda shaxsiy pensiya tayinlangan shaxslarga tayinlangan yer solig‘i imtiyozi ham bekor qilindi.

Soliq to‘lovchilar hisoblangan mol-mulk va yer soliqlarini muddatida to‘lamaganlik uchun javobgarlik choralari mavjud. Agar yillik hisoblangan soliq vaqtida to‘lanmagan taqdirda, to‘lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e’tiboran muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya hisoblanadi.

Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka muvofiq fuqaro soliq organi tomonidan soliq qarzini uzish to‘g‘risida talabnoma berilgandan keyin o‘n kun ichida qarzini uzmasa, majburiy undiruv choralarini ko‘rish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer solig‘ini muntazam to‘lamay kelgan fuqarolarning butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq, davlat soliq xizmati organi soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashi yoki ularning hisoblangan summasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Ya’ni, soliq besh yildan keyin bo‘lsa ham undirib olinadi va bu soliq to‘lashning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.