Elektr energiyasi qimmat mamlakatlar
Sanoat rivojlangani sayin elektrga talab oshib boraveradi. Energiya esa hozircha, asosan, ko‘mir, neft, gaz, uran kabi qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslardan olinmoqda. Qayta tiklanadigan tabiiy manbalar iqtisodiyotga ta’sirini hali yetarlicha ko‘rsata olgani yo‘q. Afsuski, sayyoramizda ekologiya buzilishiga aynan yoqilg‘i manbalari ko‘proq sabab bo‘lmoqda. Insoniyat elektr energiyasini olish uchun to‘liq qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tguncha, ahvol shunday kechaveradi. Bu yog‘i, boshda aytganimizdek, aholi farovonligi ta’minlanishi uchun mamlakat iqtisodiyoti yuksalishi, jumladan, sanoat ishlab chiqarishi kengayishi, odamlar ish bilan band bo‘lishi kerak. Bularning bari jamiyatning energiyaga ehtiyoji qanday ta’minlanganiga bog‘liq. Ko‘pincha qaysi mamlakat aholisi turmush farovonligi darajasiga elektr iste’moli imkoniyatiga qarab ham baho beriladi.
Elektr energiyasiga talab Ukraina voqeasidan keyin gaz qimmatlashishi sharoitida, ayniqsa, dolzarb masala sifatida kun tartibiga chiqdi. Jahon iqtisodiyoti lokomotivlaridan biri - Yevropada ahvol yanada yomonlashishi dunyo iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir etmasdan qolmadi, albatta.
Yaqinda «RIA Reyting» agentligi 2022 yilning birinchi yarmida aholi uchun elektr energiyasi narxi qaysi mamlakatlarda qimmatlashgani haqidagi hisobotini e’lon qildi. Hujjatda qayd etilishicha, eng qimmat elektr energiyasi Daniyada kuzatilgan. Germaniya va Belgiya ro‘yxatning ikkinchi va uchinchi o‘rnini egallagan.
Masalan, Daniyada 2022 yil iyun oyida elektr energiyasining o‘rtacha ulgurji narxi megavatt-soat uchun 214.16 yevroni tashkil etgan. Bu avvalgi yilning shu davri bilan taqqoslaganda 190 foiz ko‘p. Uch oy avval ushbu ko‘rsatkich rekord o‘rnatib, megavatt-soat uchun 230 yevroga chiqqan edi. Bu raqamlar avgust oyi so‘nggi o‘n kunligida “Nord Pool” elektr energiyasi birjasi ma’lumotida keltirilgan.
“Bloomberg” agentligi elektr energiyasi bozorida yoqilg‘i bu qadar jadal qimmatlashishiga sabab sifatida bir necha omillarni ko‘rsatgan. Agentlik yozishicha, Yevropada elektr energiyasi narxi oshishiga qish sovuq kelgani uchun uy isitishga talab oshgani, gaz va ko‘mir narxi qimmatlashgani, shamol tezligi kuchli bo‘lmagani uchun shamol elektr energiyasi kam miqdorda ishlab chiqarilgani sabab bo‘lgan.
Germaniya Energetika va suv xo‘jaligi fderal assotsiatsiyasi hisob-kitobicha, mamlakat uy xo‘jaliklarida bir kilovatt/soat elektr energiyasi uchun 36.19 sent to‘langan. Mamlakatda soliq va ekologik yig‘im miqdori yuqoriligi bois nemislar elektr energiyasi iste’moli uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘p pul to‘lar ekan.
Markaziy Osiyoda ahvol qanday?
Aholi uchun elektr energiyasi narxi arzonligi bo‘yicha Markaziy Osiyo respublikalari, jumladan, O‘zbekistonda ahvol ancha yaxshi. Toshkentda bir kilovatt/soat elektr energiyasi 0.027 dollar. Bishkekda bu ko‘rsatkich 0.017 dollarni tashkil etmoqda.
Yirik suv manbalariga ega Tojikiston 2022 yilning birinchi yarmida elektr energiyasi narxi bo‘yicha dunyo reytingida oltinchi o‘rinni egallagan. Tojikistonliklar bir kilovatt/soat elektr energiyasi uchun 0.023 dollar to‘lasharkan.
Umuman, hisobotda elektr energiyasi arzonligi bo‘yicha tuzilgan ro‘yxatning birinchi o‘nligidan Liviya, Angola, Sudan, Qirg‘iziston, Zimbabve, Tojikiston, O‘zbekiston, Jazoir, Quvayt, Gvineya joy olgani ta’kidlangan.
Energiya resursi Solomon orollarida eng qimmat ekan. Bu joy aholisi har bir kilovatt/soat elektr energiyasi uchun 0.591 dollar to‘lashga majbur.
Mo‘l-ko‘lchilik davri ortda qoldimi?
Yaqinda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat aholisini “mo‘l-ko‘lchilik davri” tugashidan ogohlantirib, inqiroz oqibati, jumladan, tovar taqchilligiga tayyor turishga chaqirdi.
Fransiya va umuman, mintaqada “mo‘l-ko‘lchilik, betashvish davr” yakunlanmoqda, dedi Makron Vazirlar kengashi yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat mo‘l-ko‘lchilik davri oxirini boshdan kechirmoqda, chunki inqiroz, jumladan, Ukraina va iqlimning iqtisodiy oqibatini yengib o‘tish zarur. Fransiya yetakchisi tushuntirishicha, gap har doim mavjud bo‘lib tuyuladigan mahsulot va texnologiyalar bundan buyon yetishmasligi haqida ketmoqda. Shuningdek, iqtisodiy zarbani yumshatish uchun shoshilinch chora ko‘rish zarurligi ham uqtirilgan.
Darhaqiqat, G‘arbiy Yevropada energiya hamda o‘g‘it narxi Ukraina inqirozi va ta’minot zanjirini uzgan sanksiya sharoitida ko‘tarilib ketdi. Natijada Yevropa davlatlari bir necha o‘n yillar davomida, jumladan, oziq-ovqat va kommunal xizmat narxi rekord darajada oshishi bilan yuzma-yuz kelmoqda.
Avvalroq London meri Sodiq Xon ham Buyuk Britaniyadagi millionlab odamlar qishda isitish vositalari va oziq-ovqat masalasida qiyinchilikka duch kelishidan ogohlantirgan edi.
“Bloomberg” infografikasida 2023 yil yanvarida elektr energiyasi uchun o‘rtacha yillik to‘lov 4000 funt sterlingdan oshishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Sodiq Xon Britaniya hukumatini "odamlar asosiy ehtiyojini qondirish", elektr to‘lovi chegarasi o‘sishini muzlatish uchun aralashishga chaqirdi.
Iyul oyi o‘rtalarida Ruminiya bosh vaziri o‘rinbosari Xunor Kelemen Yevropani Ikkinchi jahon urushidan beri eng yomon qish kutib turgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
Estoniya Bosh vaziri Kaja Kallas ham aholini Yevropa Ittifoqidagi energiya inqirozi va yuqori inflyatsiya tufayli qattiq qishdan ogohlantirdi. “Ehtimol, biz o‘tgan qishdagidan ham baland narxni ko‘ramiz va bu juda tashvishli”, dedi u.
Yevropa yetakchilari kelayotgan qish tashvishini bot-bot tilga olishi bejiz emas, albatta. Zero, gaz narxi oshib boryapti, qish uchun g‘amlab qo‘yiladigan gaz omborlari hali to‘ldirilgani yo‘q. Nafsilamrini aytganda, bu tashvish nafaqat g‘arbni, balki barcha mamlakatlarini birdek tashvishga solishi, qolaversa, tabiat ne’matiga nisbatan tejamkor munosabatda bo‘lishga undaydi.
S.Rahimov,
O‘zA