Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mo‘’jizakor yurt”ning o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan jihatlari nimada? — Mutaxassis bilan suhbat
13:28 / 2023-01-30

“Mo‘’jizakor yurt”, “Osiyo yo‘lbarsi” kabi atamalar bilan ataladigan Singapur qisqa fursatda eng qashshoq davlatdan dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shildi. Ko‘plab sohalarda o‘z tajribasiga ega bo‘ldi.

Ma’lumki, shu yilning 17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapurga tashrif buyurgan edi. Uchrashuvlar davomida ko‘plab hamkorlik bitim va kelishuvlari imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov bilan mazkur bitimlar ahamiyati, Singapurning rivojlanish omillari hamda mazkur davlat tajribasidan o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan jihatlari xususida suhbatlashdik. 

— Sizningcha, Singapur o‘tgan asrdagi eng qoloq davlatdan rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishining asosiy sabablari nimada?

— Darhaqiqat, o‘tgan asrning 70 yillariga qadar eng qashshoq davlatlardan biri sanalgan Singapur davlati qisqa fursat ichida dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shildi. Singapur kichkina davlat. Uning o‘ziga xos fenomeni xalqining yagona g‘oya asosida birlasha olgani, ertangi kunga bo‘lgan ishonchidir. Bunda davlat va siyosat arbobi, birinchi bosh vazir Li Kuan Yuning xizmatlari beqiyos. Aynan uning keng qamrovli islohotlari tufayli Singapur yuksak taraqqiyot cho‘qqisiga erishdi.

Ikkinchi omillaridan biri bu — korrupsiyaga qarshi tizimli ravishda kurash olib borilganidir. Bu illatga qarshi kurashishni tepadan turib qonun qabul qilish yoki buyruq berish, ma’muriy usul bilan emas, balki jamiyatning o‘zi qabul qilgan. Qonun bor, mansabdor shaxslar o‘z chegarasini bilib, qonunlarga amal qilishi, ularning daromadlari va xarajatlarini deklaratsiya qilish masalalari hamda jamoatchilik nazoratining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, xalqning o‘zi korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishi muhim. 

Singapurning yana muhim jihatlaridan biri dinlararo bag‘rikenglik va totuvlikda yashashidir. Masalan, Singapur Prezidenti Halima Yaqub malay millatiga mansub, musulmon ayoli bo‘lsa, bosh vaziri xitoy millati vakilidir. Bu ham dinlararo, millatlararo bag‘rikenglik g‘oyalari ustuvorligidan dalolat beradi. Singapur parlamentida ham ko‘pmillatlilik kuzatiladi. 

Shu o‘rinda Singapur parlamenti haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

— Singapur parlament respublikasi hisoblanib, qonun chiqaruvchi hokimiyati Prezident va parlamentdan iboratdir. Parlament bir palatali bo‘lib, unga 104 ta deputat 5 yillik vakolat muddatiga saylanadi va tayinlanadi, ya’ni 6 millionga yaqin aholisi bor Singapurning har 57 ming aholisiga bitta deputat to‘g‘ri keladi. Xususan, 2020 yilgi umumiy saylovdan keyin 14-parlamentga 93 a’zo va 2 ta okrugdan tashqari a’zolar saylandi hamda 9 a’zo esa Prezident tomonidan tayinlangan. 

O‘zbekistonda esa qonun chiqaruvchi hokimiyat parlament — Oliy Majlis palatalaridan iborat. Ammo parlament palatalari qonunni qabul qilib, ma’qullagani bilan Prezident imzolamasa, mazkur qonun kuchga kirmaydi, ijroga qaratilmaydi. Shu jihatdan olib qaraganda Singapurning qonunchilik hokimiyatiga oid amaliyoti ilmiy tadqiqot sifatida o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham dastlabki parlament tadqiqotlari yakuni bo‘yicha institutimiz tomonidan “Singapur parlamenti” nomli to‘plam tayyorlandi va taqdimoti o‘tkazildi.

Singapurdan yana qanday jihatlarni o‘rganishimiz mumkin?

— Ulardan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan muhim jihatlaridan biri davlat xizmatchilarini tayyorlash, davlat boshqaruviga eng yuqori malakali kadrlarni tanlab olish, jalb qilish amaliyotidir. Bizda ham “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Davlat xizmatchilarini tanlov asosida qabul qilishda bir o‘ringa 10-20 ta kadr to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu borada masalan, Singapurda 100dan ortiq talabgor to‘g‘ri kelishi mumkin. Ular ichidan tanlab olish imkoniyati bo‘ladi. O‘zbekistonda ham ana shunday saralash, tanlash imkoniyatini yaratish uchun talabga javob beradigan kadrlarni tayyorlashimiz kerak. Shu ma’noda ta’lim sohasida Singapur bilan aloqalarimiz muhim. 2008 yildan beri Toshkent shahrida faoliyat yuritib kelayotgan Singapur menejmentni rivojlantirish institutini olib qaraydigan bo‘lsak, u yerga qabul jarayonida ham, o‘qish davomida ham tanish-bilishchilikka, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Singapurning yana bir jihati — shaharsozlik. Xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlangani, shaharsozlikning joy-joyiga qo‘yilgani, xalqining ozodalik, tejamkorlik fazilatlari shaharsozlik tizimida muhim o‘rin tutadi. Shaharsozlik, kommunal xizmatlar borasidagi jarayonlar rejali amalga oshiriladi va bularning bari raqamlashtirilgan. 

Suv tejamkorligi borasida ham o‘ziga xoslik mavjud. Avvalo, xalqning o‘zi tushungan holda suvni tejaydi. Bunda, ayniqsa, suv ta’minoti bilan 70 dan ortiq kompaniyalar, shundan 23 ta ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyat yuritishi diqqatga sazovor. Qolaversa, suvni qayta ishlashga ham alohida e’tibor beriladi. Yashil iqtisodiyot, raqamlashtirish, bank xizmatlarini ko‘rsatish kabi sohalarda ham ilgarilab ketgan. 

Yana bir tomoni — kompaniyalarning o‘zaro raqobat muhiti halol tarzda yo‘lga qo‘yilganidir. Ya’ni, turli raqobatchi kompaniyalar hasadgo‘ylik bilan emas, balki o‘zaro hamfikr, bir-biriga yordam berish, o‘rganish tamoyili asosida halol raqobat qilar ekan. Jumladan, ta’lim sohasida ham davlat va nodavlat ta’lim muassasalari g‘irrom raqobat qilmasdan, “kim kuchli, kim sifatli kadr tayyorlaydi”, degan qarash bilan bir-biriga yordam beradi. 

Bitta davlat tajribasini o‘rganish bilan rivojlanib ketib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbarining siyosati shunday bo‘lyaptiki, har bir davlatdan eng asosiy javharlarini terib olib, o‘zimizga tatbiq qilish orqali iqtisodiyotimizni, fan-ta’limni rivojlantirishga, kadrlarimizning dunyoda tan olinishiga erishishimiz mumkin. 

— Ma’lumki, korrupsiyaga qarshi kurashishda Singapur xalqaro reytinglarda dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Bu borada O‘zbekiston Singapurning qanday tajribalarini o‘rganishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

— Korrupsiyaga qarshi kurashish eng asosiy maqsadlarimizdan biridir. Korrupsiya xufyona iqtisodiyotning rivojlanishiga olib keladi. Xufyona iqtisodiyot degani bu — soliqdan qochishdir.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Singapurdan, avvalo, qonuniy asoslarni o‘rganishimiz kerak. Qonunga rioya qilinishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining qanchalik kuchli ekanligini, jazo muqarrarligini o‘rganishimiz lozim, deb o‘ylayman. U kim, qanday lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar, odil sudlov oldida javob berishi shart. Aslida korrupsiyadan 100 foiz xoli bo‘lgan davlatning o‘zi yo‘q. Jumladan, Singapurda ham qanchadir miqdorda korrutsiya bor, albatta. Ammo bu illatga qarshi kurashish mexanizmi samarali ishlaydi. Biz ana shu mexanizmlarni o‘rganishimiz maqsadga muvofiq. 

— Prezidentimiz tashrifi davomida imzolangan hujjatlar ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Ular O‘zbekistonga nima beradi?

— O‘zbekiston–Singapur o‘rtasida shu paytgacha 14 ta hujjat qabul qilingan bo‘lib, ulardan 6 tasi davlatlararo va hukumatlararo, 6 tasi idoralararo va 2 tasi tarmoqlararo hujjatlardir. Prezidentimiz tashrifi davomida yana 8 ta hujjat almashildi. Jumladan, ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, kadrlar, shu jumladan davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.

Birgina kadrlar tayyorlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Singapur Milliy universiteti tizimidagi Li Kuan Yu Davlat siyosati maktabi, shuningdek, Singapur Davlat xizmati kolleji bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda. Bu hamkorlik doirasida bizning davlat xizmatchilarimiz Singapurga borib, malaka oshirib, jahon tendensiyalarini o‘rganib, boshqaruvning sir-asrorlarini bilib kelsa, O‘zbekistonda tatbiq etila boshlanadi. 

Singapurning Li Kuan Yu Davlat siyosati maktabi kadrlar tayyorlash sifati bo‘yicha Osiyoda birinchi o‘rinda turadi. U yerda malaka oshirib kelgan kadrlarimiz O‘zbekiston rivojida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Shuningdek, Singapurdan mutaxassislarni jalb etib, o‘zimizda o‘quvlar tashkil etiladigan bo‘lsa, kadrlarimiz nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham o‘z faoliyatini yuritish imkoniga ega bo‘ladi. 

Uchinchi Renessans poydevorini qurishni maqsad qilgan ekanmiz, ilm-fan sohasidagi hamkorligimiz ham muhim hisoblanadi. Fanga tayanilgan sohaning ildizi mustahkam bo‘ladi. Shu ma’noda har sohada, shu jumladan parlament faoliyatini takomillashtirishda ham chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borish dolzarb ahamiyatga ega.

 

Muhtarama Komilova suhbatlashdi.

O‘zA