Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mojaroga to‘la telenovellalar insonda salbiylikni shakllantiradi(mi?)
21:47 / 2025-03-23

“Obbo, yana shunaqa novellami? Nega hamma kinoyu telenovellalar negativ? Hammasida urush-janjal, baqir-chaqir..., jonga tegdi! Boshqa kanalga olaylik, ko‘rmaylik shuni!”

7-sinfda o‘qiydigan qizimning gaplaridan bu. Kechki ovqat ustida televizor ko‘rib ovqatlanish ko‘pchilik oiladagi tabiiy holat. Bizda ham shunday. Ammo so‘nggi paytlarda oila davrasida, farzandlar bilan birga o‘tirib ko‘radigan, namunali, hayotning yorqin, chiroyli tomonlari ko‘rsatilgan kino yoki telenovellalarni deyarli uchratmay qo‘ydik. Qizim aytganidek, ko‘pchiligida “negativ” – salbiy, qora mavzular, baqir-chaqir, tortishuv, urush-janjal, mojaroli, maishiy masalalar.

Bir vaqtlar milliy mentalitetimizga unchalik ham mos kelmaydigan turli xorijiy seriallar ko‘payib ketganida milliy seriallarni rivojlantirish zarurligi haqida ko‘p bora bong urilgan edi. Bu chaqiriqlar samara berib, keyingi paytlarda milliy seriallarimiz ancha ko‘payib qoldi, telekanallar buyurtmasi bilan turli telenovellalar suratga olinib, namoyish etish urfga aylandi. Bu turli xorijiy seriallardan ko‘ra yaxshi, albatta. Ammo sifat-chi?! Milliy kino va seriallar, telenovellalarning g‘oyasi, mafkurasi, insonga ta’sir ko‘rsatishi qay holatda? 

“Tugun”, “Iqror”, “Taqdirlar”, “Otalar so‘zi” kabi nomlar ostida turlicha mavzular ko‘tarilayotgani bir tomondan e’tiborga molik. Aksariyatida yaxshi mavzular olib chiqilyapti, namuna olishga, ijobiy xulosa chiqarishga undaydiganlari bor. Ammo ko‘pchiligida salbiy voqeliklar, tortishuvlar, yomon munosabatlar birinchi o‘ringa chiqib qolgan. 

Kino ijtimoiy hayotning ifodasi sifatida baholanadigan bo‘lsa, bugun hayotimiz serial va novellalardagi kabi faqat muammolardan, mol-davlat, uy-joy talashish, qaynona-kelin, er-xotin, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni urush-janjalidan iborat bo‘lib qolmayaptimi? Qo‘shxotinlik, ko‘pxotinlik, jazman orttirish kabi muammolar namoyishi kunda-kunora ekranlarimizni band etyapti. Bu, ushbu masalalar shunchalik avj oldiyu shu bois, unga qayta va qayta murojaat qilishga majbur bo‘linyapti, deganimasmi? Xullas, bugun namoyishga chiqarilayotgan negativ mavzu va g‘oyalar bo‘yicha savollar, e’tirozlar ko‘p. 

Xususiy telekanallardan birining vakili bilan bu haqda gaplashganimda telenovellalarni telekanallarning o‘zi suratga olayotganini, ssenariysini ssenaristlar yozib berayotganini aytdi. Yana uning aytishicha, “xorijiy seriallar axloqimizga, milliy madaniyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, degan vaj bilan telekanallarga faqat bittagina xorijiy serial namoyishiga ruxsat berilgan, xolos. 24 soatlik efir vaqtini to‘ldirish esa oson emas. Yana bir tomoni, bugungi tomoshabin ana shunday maishiy muammoli kinolarni ko‘ryapti, talabga yarasha taklif bo‘lyapti. Chunki, xususiy telekanallar o‘zini o‘zi “boqadi”. Shuning uchun tomoshabinni jalb etish, telekanallar reytingi bo‘yicha yuqori o‘rinni egallash va shu orqali reklamalar olib kelishga harakat qilinadi. Bugungi tomoshabin esa aynan shunday maishiy masalalar aks etgan namoyishlarni ko‘p ko‘ryapti. Tomoshabinning estetik qarashi yuqori, ma’naviy-mafkuraviy nuqtai nazardan talabi yuksak bo‘lsa, shundagina yaxshiroq, ko‘rishga arziydigan asarlar yaratiladi”. 

Bundan tashqari, kadrlar masalasi ham og‘riqli nuqtalarimizdan ekanligi, yaxshi mualliflar va rejissyorlar kamligini ta’kidladi. Darhaqiqat, bir paytlar sevib ko‘rilgan, barmoq bilan sanarli milliy kinolarimizning ssenariy muallifi va rejissyorlari eng zo‘rlar bo‘lgan. Shuning uchun ham ular yaratgan kinolar hamon xalqimizning qalbida, ardog‘ida.

Bugungi serial va novellalarimiz esa mayda-chuyda, maishiy masalalar, ig‘voyu tortishuvlardan iborat bo‘lib qolyapti. To‘g‘ri, yakunda albatta, ijobiy xulosa bilan tugallanadi. Ammo jarayon faqat konfliktlardan iborat ekanligi tomoshabinni charchatadi, asablarini taranglashtiradi, betoqat qilib qo‘yadi. Ayniqsa, ayol qahramonlarning baqir-chaqiri, qarg‘ishlari, sabrsiz va asabiyligi uni tomosha qilayotgan insonga ham ko‘chayotganday bo‘ladi. 

O‘zi shundoq ham tezlashib borayotgan hayotimiz, ish, uy-ro‘zg‘or, hayot tashvishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi noxush xabar va videolar insonni toliqtiradi. Oynaijahondan ham salbiy energiyaga to‘la namoyishlarni ko‘rish insonni battar toqatsiz, asabiy qilib qo‘ymasmikan? Qolaversa, ekranda ko‘rganimiz o‘zaro janjallaru salbiy munosabatlar hayotimizga, o‘zimizga ham ko‘chib qolmasmikan, inson psixologiyasiga ta’siri qanday?

Bu borada oila va bolalar psixologi, O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi Shoira Isoqova bilan bog‘lanib, ularning fikrini, mutaxassis sifatida munosabatini oldik:

– Bugungi milliy serial va telenovellalarimizdagi mojarolar, baqir-chaqir va konfliktlar insonda hayotga bo‘lgan negativ qarashlarni shakllantirib qo‘yadi. Ya’ni, hayot shunaqa ekan, hamma oilada bor ekan, degan odatiy holga olib kelishi mumkin. Albatta, bunday serial va kinolarni ko‘rganda inson hayajonlanadi, hissiyotga beriladi, serial qahramoniga nisbatan nafrat yoki agressiya qo‘zg‘aladi. Ya’ni, salbiy fikrlashga o‘tadi, o‘zi anglamagan holda serial qahramonlariga, ularning xatti-harakatlariga taqlid qiladi.

Xohlaymizmi-yo‘qmi, ko‘p jarayonlar bizning hayotimizga, ruhiyatimizga, kayfiyatimizga ta’sir qiladi. Inson ko‘rgan, eshitgan narsasini o‘zi istamagan, anglamagan holda shaxsiy hayotiga, farzandlari tarbiyasiga, ishiga qo‘llaydi. Har bir serial, biz ko‘rayotgan axborot miyamiz uchun ozuqa. Demak, miyamizga berayotgan axborotlarni filtrdan o‘tkazib, qanchalar bizga muhim ekanligini anglagan holda qabul qilishimiz, o‘zimiz uchun tahliliy tafakkur qilishga o‘rganishimiz kerak. Ya’ni, inson seriallardagi voqelikka nisbatan o‘zining shaxsiy pozitsiyasini, qarashlarini saqlab turishi lozim, har qanday serial yoki novelladan o‘zi uchun kerakli xulosalarni olishi kerak. 

Haqiqatan ham hozir olinayotgan ko‘plab serial va novellalarimiz insonni rivojlantiruvchi emas, balki millatni yomon ko‘rsatuvchiga aylanyapti. Agar yaxshi xorijiy film va seriallarni oladigan bo‘lsak, ularda mayda, maishiy masalalarga urg‘u berilmagan. Aksincha, ularda g‘oya bor, maqsad va motiv bor. Bizning seriallarimizdagi asosiy g‘oya va maqsad nima, undan oladigan xulosalarimiz qanaqa bo‘ladi – har kim o‘zi uchun kerakli va foydali qismini olishi kerak. 

Kitob o‘qimaydigan, o‘z ustida ishlamaydigan, o‘zini rivojlantirmaydigan insonlar seriallardagi saviyasi, sifati past, mayda, maishiy masalalarga o‘ralashib qolib, vaqtini, sog‘lig‘ini behudaga ketkazadi, yaxshi resurslarini keraksiz joylarga sarflaydi. Bunday seriallar insonning hayotini qisqartirishga, asab tizimini buzishga, ulardagi salbiy voqeliklar ichida o‘ylanib yurishga, sog‘lig‘iga ziyon yetkazishga olib keladi. Shunday ekan, insonning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Ayniqsa, uy bekalari, qaynonalar, kelinlarimiz orasida seriallarga mukkasidan ketish holatlari juda ko‘p. Ammo ular o‘zini sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazayotganini, foydali ish koeffitsiyenti tushib ketishini to‘liq anglab yetishlari lozim, – deydi Shoira Isoqova.

Darhaqiqat, bugun milliy serial va telenovellalardagi negativ, jo‘n voqea-hodisalar, mojarolar inson psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan achinarli. Shunday ekan, bunday namoyishlarni saralab ko‘rish, estetik va mafkuraviy-g‘oyaviy jihatdan yuksak darajada bo‘lganlarini tomosha qilish kerakki, bu o‘z-o‘zidan saviyasiz seriallarning tomiriga bolta uradi. Serial va novellalar ijodkorlaridan esa millatimizga xos, asriy qadriyat va an’analarimizga munosib bo‘lgan, g‘oyasi pishiq, insonni rivojlanishga, o‘ylashga undaydigan, ayniqsa, yoshlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan sara asarlar kutib qolamiz.

Muhtarama Komilova, O‘zA