Qo‘qon davlat pedagogika institutida “Qo‘qon adabiy muhiti va uchinchi renessans” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Milliy ma’naviyatimizning rivojlanish bosqichida muhim o‘rin tutgan, mumtoz so‘z tarixida alohida hodisa sanalgan Qo‘qon adabiy muhiti namoyandalari ijodini o‘rganish adabiyotshunosligimiz oldida turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Bu davr ijodkorlari mavjud adabiy an’analarni davom ettiribgina qolmasdan, uni bor mazmun-mohiyati bilan boyitishga ham xizmat qildi. Konferensiya o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida chuqur iz qoldirgan hassos shoira Mohlaroyim – Nodira tavalludining 230 yilligiga bag‘ishlanganligi bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi. Anjuman filologiya fanlari doktori Zebo Qobilova rahbarligidagi “Qo‘qon adabiy muhiti va adabiy muhit vakillari hayoti va ijodi bo‘yicha veb-sayt va elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida tashkil etildi.
Unda Ozarbayjon, Turkiya, Tojikistonlik olimlar bilan birga Respublikamizning Oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Anjuman to‘plamidan 150 dan ziyod maqolalar o‘rin olgan bo‘lib, ularda Qo‘qon adabiy muhitining o‘ziga xos xususiyatlari tahlil va talqin qilingan.
O‘zA