Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mohir tarjimon yodi
11:49 / 2024-05-15

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibi, mohir tarjimon Hikoyat Mahmudova tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Hikoyat Mahmudova jurnalistlik faoliyati bilan bir qatorda mohir tarjimon sifatida ham ko‘pchilikka yaxshi tanish. Darhaqiqat, adabiyot, jurnalistikada muharrirlik g‘oyat katta o‘rin egallaydi.    

Hikoyat opa nasriy asarlarga muharrirlik qilish jarayonida ularga ijodiy yondashishga harakat qiladi va uslub tasvirlariga alohida e’tibor beradi. Eng muhimi, mualliflar va yosh ijodkorlar bilan ishlashda o‘ziga xos maktab yarata olgan.  

Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, Hikoyat Mahmudova muharrirlik qilgan asarlar orasida xalqimiz sevib o‘qib kelayotgan Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar", G‘afur G‘ulomning “Yodgor”,  Abdulla Qahhorning "Tanlangan asarlar", Said Ahmadning “Ufq”, Hamid G‘ulomning “Mangulik”, Pirimqul Qodirovning "Avlodlar dovoni", O‘lmas Umarbekovning "Yoz yomg‘iri", Muhammad Alining “Sarbadorlar”, Erkin Samandarning "Sulton Jaloliddin" kabi juda ko‘plab ilmiy-adabiy asarlarni keltirish mumkin.  

Ayni paytda Hikoyat Mahmudova mumtoz adabiyotimizdan Alisher Navoiyning “Xamsa”, Mashrabning "Dilim daryoi nurdur", Bedilning "Shavqingni yod etib" to‘plamlarini, "Jahon adabiyoti" turkumida chop etilgan Minhojiddin Mirzo tarjimasidagi "Somon yo‘li chechaklari", "Sayra do‘mbira" asarlarini katta mahorat bilan tahrir qilgan.  

Hikoyat Mahmudova mohir tarjimon sifatida ijod bilan keng shug‘ullanib kelgan. Yapon adibi Takeo Arisimaning “Ayol”, Kuba yozuvchisi Rodrigesning "Qil ustidagi hayot", moldavan yozuvchisi Aurelio Busuyokning “Parijlik tog‘am", rus adibi Ilya Kashafutdinovning “ Asl zot”, turk hikoyalari to‘plamidan "Yeng muhimi non!", gruzin hikoyalar to‘plamidan "Kura sohillarida", ozarbayjon hikoyalar to‘plamidan “Durdona” va boshqa kitoblar mohir muharrir tarjimasida chop etilgan.  

Mohir muharrir ijodi davomida shu kabi qator qissalar, nasriy asarlarni ona tilimizga o‘girib, o‘zbek kitobxonlarini jahon adabiyotining nodir durdonalaridan bahramand bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan.  

Tadbirda ijodkorlar, oila a’zolari adibaning hayot yo‘li, faoliyati, adabiy ishlari haqida so‘z yuritdi. U bilan bog‘liq iliq xotiralar yodga olindi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA