French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mo‘g‘ulistonning Bayat zotli qo‘ylari iqlimga moslashdi
22:32 / 2026-01-14

Sirdaryo viloyatida chorvachilik tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqish, mahalliy genofondni boyitish hamda yuqori mahsuldor zotlar ulushini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonlarda Mo‘g‘ulistondan olib kelingan Bayat zotli qo‘ylar o‘zining yuqori moslashuvchanligi va mahsuldorligi bilan e’tibor markazida turibdi.

Sirdaryo viloyatida chorvachilik tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqish, mahalliy genofondni boyitish hamda yuqori mahsuldor zotlar ulushini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonlarda Mo‘g‘ulistondan olib kelingan Bayat zotli qo‘ylar o‘zining yuqori moslashuvchanligi va mahsuldorligi bilan e’tibor markazida turibdi.

Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil iyun oyida Mo‘g‘ulistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Ana shu kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17-iyuldagi “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, qo‘y va echkilarga nisbatan qo‘llanilgan eksport bojlari har bir bosh uchun 18 AQSH dollaridan 7 AQSH dollarigacha kamaytirildi. Bu esa mayda shoxli chorva hayvonlari importi hajmini sezilarli oshirishga, shuningdek, mamlakat chorvachiligida yangi genetik liniyalarni joriy etish uchun huquqiy va iqtisodiy asos yaratdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur qaror nafaqat import jarayonlarini arzonlashtirdi, balki chorvachilik tarmog‘ini sifat jihatdan rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi. Respublika miqyosida 2029 yilga qadar mo‘g‘ul qo‘ylari va echkilari sonini 1 million boshga yetkazish maqsadi belgilangani ham buning yaqqol tasdig‘idir.

Importni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Mo‘g‘ulistondan olib kelinayotgan mayda shoxli chorva hayvonlarining havo transporti xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan kompensatsiya qilinayotgani, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatlarini kechiktirish hamda imtiyozli kreditlar taqdim etilishi fermerlar faolligini yanada oshirmoqda.

Ana shu imkoniyatlar doirasida o‘tgan yili Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlariga 5 ming boshdan ortiq Bayat zotli qo‘ylar olib kelindi. Zootexnik olimlar fikriga ko‘ra, ushbu zotning eng katta afzalligi — iqlim sharoitiga tez moslasha olishidadir. Bayat qo‘ylari –40°C dan +40°C gacha bo‘lgan harorat sharoitida ham o‘z mahsuldorligini saqlab qolishi bilan ajralib turadi.

– Bayat qo‘ylari ekstremal iqlim sharoitiga moslashgan zot hisoblanadi. Sirdaryo viloyatining issiq va quruq havosi ular uchun jiddiy muammo tug‘dirmayapti, – deydi Oqoltin tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Mahmud Qurbonov. – Hozirda qo‘ylarning fiziologik holati, harakat faolligi va ozuqa qabul qilish me’yorlari kundalik monitoring qilinmoqda. Ilk kuzatuvlar zotning mahalliy sharoitga juda tez moslashayotganini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, Bayat zotli qo‘ylarning tirik vazni 70–100 kilogrammgacha yetadi, urg‘uliligi yuqori bo‘lib, mahalliy qo‘ylar genofondini qisqa vaqt ichida yaxshilash imkonini beradi. Shuningdek, mazkur zot parazitar va infeksion kasalliklarga nisbatan chidamliligi bilan ham iqtisodiy samaradorlikni oshiradi.

– Qaror ijrosi doirasida 2025 yil 1 noyabr kuni Mo‘g‘ulistonning “BEST POINT” xo‘jaligidan Mirzaobod tumani hududiga 1333 bosh Bayat zotli naslli qo‘ylar olib kelindi, – deydi Mirzaobod tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Nurmatov. – Bu nafaqat mahsulot hajmini oshiradi, balki bozorlarda go‘sht mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, o‘tgan yilda tuman hududiga Qozog‘iston va Rossiyadan ham minglab yirik va mayda shoxli chorva hayvonlari import qilindi. Bu jarayonlar tuman va viloyat chorvachilik salohiyatini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda Bayat zotli qo‘ylarning mahsuldorligi va iqlimga moslashuv darajasini baholash ishlari ilmiy asosda tashkil etilgan. Xususan, 24 soatlik veterinariya nazorati, gormonal va biokimyoviy tahlillar, ozuqa ratsionlarini ilmiy shakllantirish hamda BMT FAO metodologiyasi asosida elektron reyestr yuritilishi seleksiya ishlarini tizimli tashkil etishga zamin yaratmoqda.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Bayat zotli qo‘ylarni joriy etish natijasida viloyatda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10–15 foizga, fermer xo‘jaliklari daromadi esa 20–25 foizga oshishi kutilmoqda. Eng muhimi, eksportbop qo‘y go‘shti ishlab chiqarish hajmining ortishi tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Yil yakuniga qadar Bayat zotli qo‘ylar sonini 100 ming boshga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa mamlakat chorvachiligida yangi genofond yaratish, fermerlar daromadini barqaror oshirish va eksport salohiyatini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri