Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mo‘g‘ulistondan go‘sht va jun yo‘nalishidagi qo‘y-echki zotlari keltirilmoqda
13:27 / 2024-12-23

Prezident topshiriqlari – amalda

Navbahor tumanida shu yilning 1 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi.  

Yig‘ilishda oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilib, bozorlarga kunlik yetkazib berish, ularning narxini barqarorlashtirish zarurligi ham qayd etilgan edi.  

Davlatimiz rahbari bunda qishloq xo‘jaligi sohasiga e’tibor qaratish muhimligini alohida qayd etib, viloyatda bor-yo‘g‘i 100 ming gektarda ekin ekilayotganiga e’tibor qaratgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu maydonlarning 72 foizi nasosda sug‘oriladi. To‘qqiz million gektar yaylov bo‘lsa-da, chorva soni nisbatan kamligi ko‘rsatilgandi.  

Shu bois kelgusida yaylovlarga dron bilan ozuqa ekinlari, dorivor va ziravor urug‘lar sepilib, 50 ming aholiga bo‘lib berilishi qayd etilgan edi. Umuman, uch yilda 3 million gektar yaylov yaxshilanib, chorva 10 karra ko‘paytirilishi ta’kidlangan.  

Yig‘ilishda shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga 2024-2026 yillarda Mo‘g‘ulistondan 20 ming bosh go‘sht va jun yo‘nalishidagi qo‘y-echki zotlarini keltirish vazifasi topshirilgan.  

Prezident topshiriqlari ijrosi doirasida, birinchi bosqichda ming bosh “Bayat” zotli qo‘y ortilgan havo kemasi Navoiy xalqaro aeroportiga qo‘ndi.  

Ta’kidlash joiz, qo‘ylarning bu zoti go‘sht-jun yo‘nalishida. Ularning sovliqlari tirik vazni 70-80 kilogramm, qo‘chqorlari esa 100-120 kilogramgacha yetadi. Go‘sht chiqimi esa tirik vazniga nisbatan 60 foizni tashkil etadi.  

Konimex tumanida ularning parvarishini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida kuchli va dag‘al ozuqa zaxirasi yaratilib, veterinariya-sanitariya tadbirlari amalga oshirildi. Tajribali mutaxassislar va chorvachilik sohasi olimlari biriktirildi.  

Bu boradagi ishlar davom etmoqda. Kelgusida keltirilishi rejalashtirilgan qo‘ylar sonini 50 ming boshga yetkazish mo‘ljal qilingan.  

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA