Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-25 iyun kunlari Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida qator kelishuvlarga erishildi.
Ayniqsa, Prezidentimizning 2025 yil 17 iyuldagi “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Ya’ni mazkur davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, ushbu mamlakatdan 100 ming bosh mayda shoxli molni olib kelish va mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning sonini 2029 yil yakuniga qadar 1 million boshga yetkazish, bosqichma-bosqich jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Shu asosda Taxtako‘pir tumanidagi “Mongoliya chorva” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari boshlig‘i, O‘zbekiston Qahramoni Sarsenbay Seytnazarov 2 milliard 144 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan Mo‘g‘ulistondan 1000 bosh naslli qo‘y olib keldi. Ularning afzalligi qattiq sovuq va issiqqa chidamli bo‘lishi bilan Orolbo‘yining iqlim sharoitiga tez moslashadi.
[gallery-26229]
Bugungi kunda bunday loyihalar, imtiyozli kreditlar mamlakatimizda chorvachilikni yangi bosqichga olib chiqib, naslchilikni rivojlantirishga, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi. Fermer keltirilgan qo‘ylarni mahalliy veterinariya mutaxassislariga ko‘rsatib turli kasalliklarga qarshi emlash ishlarini boshlab yuborgan.
– Mazkur qaror asosida tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilgan. Jumladan, Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga kamida 1 000 bosh import qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali import qilingan mayda shoxli mollarning bosh sonini ko‘paytirib borish, yaylovlarda ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul ekilishini tashkil qilish shartlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi, – deydi fermer Sarsenbay Seytnazarov.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Bayad” zotli qo‘ylar yuqori sifati, juni, ko‘p go‘sht berishi va tez ko‘payishi bilan ajralib turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 ta chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari bilan Mo‘g‘ulistondan 9 ming 700 bosh “Bayad” zotli qo‘ylarini olib kelish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Demak bu yo‘nalishdagi ishlar davom etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/D_dt5KzoA4o" title="Mo‘g‘ulistondan 1000 bosh naslli qo‘y olib kelindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA muxbirlari