So‘nggi yillarda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanib, tashqi bozorlarda milliy mahsulotlarga talab ortib bormoqda. Tarmoqda yangi texnologiyalar joriy etilib, ishlab chiqarish quvvatlari kengaymoqda. Eksport geografiyasi esa kengayib borayotir.
Ayniqsa, xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tashabbuslar muhim natijalar bermoqda. Kuni kecha Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston milliy savdo uyining ochilishi va tomonlar o‘rtasida qator kelishuvlarga erishilgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Xalqaro brendlarni jalb qilish bo‘limi boshlig‘i Abdulaziz Abdurahimov O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi:

– Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston biznes-forumi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim voqea bo‘ldi. Tadbir doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Muhimi, mazkur forum to‘qimachilik sanoati uchun yanada unumli bo‘ldi. Chunki “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan Mo‘g‘uliston Jun va to‘qimachilik sanoati uyushmasi, Mo‘g‘uliston Fan va texnologiyalar universiteti hamda “Mogol Noos” kompaniyasi bilan hamkorlik hujjatlari imzolandi. Ular orasida Toshkent shahrida jun va kashemir mahsulotlariga ixtisoslashgan savdo uyini ochish, shuningdek, O‘zbekistonda aralash matolar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 10 million dollarlik investitsion loyiha ham mavjud.

Shu kuni Ulan-Batorda “Made in Uzbekistan” shourum-ko‘rgazmasi va milliy savdo uyi ochilishi marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Mo‘g‘uliston Bosh vazirining o‘rinbosari Saynbuyangiyn Amarsayxan ishtirok etdi.
Mo‘g‘uliston bozorida o‘zbek to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlariga qiziqish katta. Bizning maqsadimiz esa bu ehtiyojni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlash, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

1 ming 53 kvadrat metr maydonda tashkil etilgan ekspozitsiyada to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal, qurilish materiallari, mebel va elektr jihozlari kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan 30 dan ziyod o‘zbek korxonalari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
Ko‘rgazma doirasida B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar ham tashkil etildi. Ularda ishtirok etgan tadbirkorlar yangi eksport shartnomalari va investitsiyaviy kelishuvlar yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Ushbu savdo uyining ochilishi nafaqat eksport hajmini oshiradi, balki milliy brendlarimizni xalqaro bozorda tanitishga xizmat qiladi. Bu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi shubhasiz.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA