Mo‘g‘uliston 4-10 oktyabr kunlari Jahon koinot haftaligini nishonlaydi, deb xabar bermoqda MONSAME axborot agentligi. Tadbir mehmonlariga 150 nafar ko‘ngilli bola xizmat ko‘rsatadi.
Anjuman ota-onalar farzandlari bilan qiziqarli suhbatlar qurib, ijodiy muhitdan bahra olishi uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. O‘g‘il-qizlar esa ilm-fan yutuqlari, fazoni tadqiq etish texnologiyalari va sohaning afzalliklari bilan tanishadilar.
Shuningdek, teleskop orqali Quyosh va yulduzlarni kuzatish, fazoviy bo‘shliq holatini his etish, turli topshiriqlarni bajarish, amaliy mashg‘ulot, treninglarda qatnashish orqali tajriba almashish ham bolalarda unutilmas taassurot qoldirishi shubhasiz.
Har yili 4-10 oktyabr kunlari nishonlanadigan, o‘tgan mavsum 90 davlatni qamrab olgan Jahon koinot haftaligi shukuhi bu yil dunyoning 100 ta davlatiga kirib boradi.
Mazkur o‘ziga xos anjumanni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 1999 yil 6 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasi bilan fan va texnologiyaning inson farovonligiga qo‘shayotgan hissasini xalqaro miqyosda nishonlash maqsadida qabul qilingan. Fazoviy tadqiqotlarga bag‘ishlangan yer yuzidagi eng yirik tadbirning g‘oyasi yoshlarni ilhomlantirib, ertangi kun mutaxassislari sinfini shakllantirishga hissa qo‘shadi, Shuningdek, tegishli dasturlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, soha faoliyati doirasida xalq ta’limi tizimi bilan bog‘liq masalalarni hal qiladi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.