O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23-26 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi. Shu munosabat bilan O‘zA e’tibori ushbu mamlakat media tarixiga qaratildi.
Zamonaviy Mo‘g‘ul matbuoti shakllana boshlashi 1920 yil bilan bog‘liq. XX asr kirill alifbosida eski mo‘g‘ul yozuvi rivojining ajoyib namunasi aks etgan. Yevropa sivilizatsiyasi, madaniyati va maorifiga yaqinlashish barobarida Mo‘g‘uliston milliy urf-odat va an’analarni saqlagan, ko‘p asrlik tarixga ega noyob Osiyo davlati bo‘lib qolmoqda.

Mo‘g‘ulistonda XX asr 60-yillarida professional jurnalistlar va mediashunoslar tayyorlana boshlandi.
70 yil davomida mamlakat aholisi uchun yagona axborot manbai davlatga qarashli Mongoliya milliy teleradiokompaniyasi edi. 1991 yildan axborot sohasida jiddiy islohot amalga oshirildi. Yangi nashrlar ko‘paya boshladi.
Aholisi bor-yo‘g‘i 3,3 million bo‘lsa-da, Mo‘g‘ulistonda 555 dan ziyod ommaviy axborot vositasi mavjud. Mamlakat bo‘ylab 5000 dan ko‘p jurnalist faoliyat yuritmoqda.

Mo‘g‘ulistonda 200 ga yaqin gazeta va jurnal nashr etiladi. Eng yiriklari – “Bugun”, “Kundalik gazeta”, “Asr yangiliklari” va “Bu rostmi?”. Eng qadimgi gazeta – “Haqiqat” 1920 yil ochilgan va endilikda 200 ming obunachiga ega, eng ko‘p o‘qiladigan kundalik gazetalardan biriga aylangan.
Mamlakatda 128 telekompaniya faoliyat yuritmoqda. 16 tasi milliy, 49 tasi faqat Ulan-Batorda, 63 tasi viloyatlarda efirga uzatiladi. Sun’iy yo‘ldosh va simli televideniye ham tobora ommalashmoqda.
Mamlakatda o‘nlab milliy va xorijiy radiostansiyalar ishlaydi. Aksariyati Ulan-Batorda joylashgan. Ko‘rsatuv va eshittirishlar mo‘g‘ul, ingliz va rus tillarida olib boriladi.
1934 yil tashkil etilgan “Mongolradio” uchta mahalliy kanalga ega bo‘lib, davlat darajasida eshittirishlarni 1964 yildan beri qisqa to‘lqinlarda xitoy, yapon, rus, ingliz tillarida efirga uzatib keladi. 1997 yil “Mo‘g‘uliston ovozi” sifatida qayta nomlandi.

2019 yil holatiga ko‘ra, Mo‘g‘ulistonda media maqomiga ega 109 axborot sayti mavjud bo‘lib, 58 foizi ma’lumotni soatiga bir necha marta yangilaydi.
Hozir mamlakatdagi gazetalarning 45 foizi veb-saytiga, 48 foizi ijtimoiy tarmoq akkauntiga ega. Elektron nashrlar ham bor.
Mamalakatda 34 xil nashrni bepul olish mumkin. “Mo‘g‘uliston bugun” jurnali 1956 yildan boshlab mamlakatni xorijda targ‘ib qilish maqsadida “Zamonaviy Mo‘g‘uliston” va “Mo‘g‘uliston” kabi turli nomlar ostida nashr etib kelingan. 1990-yillar o‘rtalarida faoliyati to‘xtagan, 2007 yildan beri yangi mazmun va ko‘rinish kasb etgan.
Mo‘g‘uliston hayotining barcha jabhalarini, jumladan siyosat, iqtisodiyot, tarix, san’at va madaniyat, an’analar, iqlim, jamiyat, sport va turmush tarzini aks ettiruvchi, har chorakda bir marta chiqadigan jurnalning asosiy maqsadi Mo‘g‘ulistonning umumiy qiyofasini yorqin namoyish etish, shuningdek targ‘ib qilishdir. Shu bois jurnal sahifalarida Mo‘g‘ulistonning tarixi, madaniyati, maftunkorligi, go‘zalligi va zamonaviy taraqqiyotini ochib beruvchi, yuqori aniqlikdagi fotosuratlar bilan bezatilgan turli xil qiziqarli kontent taqdim etiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA