Jahon miqyosida konchilik sanoati global iqtisodiy rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyaviy imkoniyatlarni jalb etish maqsadida turli yirik ko‘rgazmalar tashkil etib kelinmoqda.
Bugun Mo‘g‘ulistonda o‘z ishini boshlagan “Mining Week & MinePro 2025” xalqaro konchilik ko‘rgazmasi ham bu ishlar ko‘lamini kengaytirishda katta ahamiyatga ega.
To‘rtinchi bor tashkil etilayotgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston ilk bor imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Navoiyuran” DK, Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati hamda “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ ishtirok etib, mamlakatning geologiya resurslari va konchilik salohiyatini xalqaro maydonda taqdim etyapti. Shuningdek, joriy yilda hukumat qarori bilan tashkil etilgan "Uzbek Overseas Geology Company" xorijiy geologiya kompaniyasi ham ilk bor mazkur ko‘rgazmada qatnashmoqda.
Ayni paytda Mo‘g‘ulistonda bo‘lib turgan kompaniya axborot xizmati rahbari Sevara To‘laganova ushbu ko‘rgazma haqida o‘z fikrini bildirdi.
–Bu ko‘rgazma O‘zbekiston uchun konchilik sohasidagi imkoniyatlarimizni xalqaro maydonda namoyish etish, xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, “Uzbek Overseas Geology Company”ning ishtirok etishi yurtimizda geologiya sohasini jahon standartlari darajasiga olib chiqishda muhim qadamdir, – dedi u.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning “Mining Week & MinePro 2025” xalqaro ko‘rgazmasiga qo‘shilishi mamlakatning konchilik salohiyatini namoyish qilish bilan birga, yangi sheriklar va investitsiyaviy imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu esa milliy iqtisodiyot taraqqiyotida yana bir muhim qadam sifatida tarixga kiradi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA