Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Modernizatsiyadan maqsad –aholini neftdan olingan yuqori sifatli yoqilg‘i va moylar bilan ta’minlash
14:37 / 2022-10-06

Qaror va ijro

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi juda boy tarix va an’analarga ega bo‘lgan mintaqadagi yoqilg‘i-moylash materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi korxonalardan biri. Uning ana shunday boy tarixi 63 yillik tajriba bilan bog‘liq.

354 gektar maydonni egallagan ushbu hududni qurilmalardan iborat kichik bir shaharga mengzash ham mumkin. Muhimi, ularni ko‘p yillik faoliyatining Farg‘ona viloyati iqtisodiyotini barqaror ta’minlashda munosib o‘rni bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sanoati rivojini tizimli tashkil etish va takomillashtirish borasida muhim ustuvor vazifalarni belgilab bergan. Shu talablardan kelib chiqib, yurtimizda neft va gaz sanoatini rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 fevraldagi "Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish to‘g‘risida"gi qarori bilan mazkur zavod faoliyatida yangi davr boshlanganini alohida qayd etish lozim.

Zavodda Sanoat energetika guruhining ishonchli boshqaruviga o‘tkazish yo‘li bilan modernizatsiya va rekonstruksiya qilish vazifalari tizimli tashkil etilmoqda.

– Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi davlat ulushini sotib olgan Sanoat energetika guruhi neft va gaz kompaniyasi korxona tarixidagi eng yirik modernizatsiya ishlarini amalga oshirishga kirishdi, – dedi kompaniyaning Korporativ aloqa bo‘yicha direktori Igor Gusenkov. – Bu ishlarni amalga oshirish bo‘yicha investitsiyalar hajmi 400 million dollardan oshadi. Kelgusida zavod O‘zbekistonda “Yevro-5” toifali motor benzinlari va API bo‘yicha II+/III guruh moylarini ishlab chiqaruvchi birinchi va yagona korxonaga aylanadi. Sanoat energetika guruhi zavodni 2020 yil fevral oyidan o‘zining ishonchli boshqaruviga olgan va shu yilning iyun oyida davlat ulushini sotib oldi. Ayni kunlarda kompaniya modernizatsiya loyihasining faol bosqichini boshlamoqda. Joriy ta’mirlash 1959 yilda qurilgan korxona tarixidagi eng keng qamrovli va kompleks tadbirdir. Butun rivojlanish davri mobaynida zavodda faqat qisman jihoz va qurilmalarni almashtirish amalga oshirilgan. Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, yaqinda ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan press-tur zavodda olib borilayotgan ishlarni keng ommaga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

[gallery-9037]

Xo‘sh, zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarining ahamiyati nimalardan iborat?

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi direktori o‘rinbosari Iqboljon Rahimov ushbu savolga javob berar ekan, o‘tgan ikki yilda asosiy loyiha ishlari yakunlangani va uchta ob’ektda qurilish jadal davom ettirilayotganiga ham ahamiyat qaratdi.

– 1997 yildan 2000 yilgacha bo‘lgan davrda yoqilg‘i bloki rekonstruksiya qilingan, ammo 60 yildan ortiq vaqt davomida to‘liq ta’mirlash ishlari biron marta ham amalga oshirilmagan. Endilikda Sanoat energetika guruhi boshqaruvi ostida zavodda amalga oshiriladigan qayta qurish va modernizatsiya ishlari natijasida “AI-92” va undan yuqori dvigatelli benzin hamda “Euro-5” ekologik standartidagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Zavodning kelajakdagi konfiguratsiyasi tarkibiga gidrokreking kompleksi, shu jumladan, modernizatsiya qilingan yoqilg‘i va moy agregatlari tashkil etadi. Bu esa neftni qayta ishlash jarayonining chuqurlik darajasini 92 foizgacha oshiradi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan neft mahsulotlarining hosildorligini oshirishga xizmat qiladi. Aviatsiya va dizel yoqilg‘isi, shuningdek, asosiy va tijorat moylarini ishlab chiqarish ortadi. 2023 yilga kelib esa zavod quvvatidan foydalanish darajasi 2 million tonnaga yetadi. Yana bir muhim jihati, modernizatsiyaning ekologik vaziyatga ijobiy ta’siri katta bo‘ladi. Masalan, bugungi kunda avtoulovlar atmosferaga chiqarayotgan zararli chiqindilar taxminan 93 foizdir. “Euro-5” yoqilg‘isi esa avtomobil chiqindilaridagi mazkur ifloslantiruvchi moddalarni sezilarli darajada kamaytiradi, – dedi I. Rahimov.

Zavodda qayta qurish va modernizatsiya ishlari 3 yil davom etadi. Bu yerda qurilish ishlari “Enter Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu kompaniyaning zavodda olib borilayotgan qurilish ishlari bo‘yicha mas’ul Ravshan Abdiyaminov jarayonlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Zavoddagi barcha qurilish bilan bog‘liq ishlarga kompaniyamiz mas’ul hisoblanadi. Ayni kunlar bu yerda tuproq ishlari tugallangan bo‘lib, suvni kimyoviy tozalash inshootiga ega bug‘ qozoni qurilmasi, gidrokreking qurilmasi, vodorod ishlab chiqarish va qisqa siklli absorbsiya singari uskunalarni, shuningdek, yangi markaziy operatorlar va laboratoriya binolarini, xomashyo va mahsulotlarni saqlash rezervuarlarini o‘rnatish va qurish ishlari olib borilmoqda, – dedi R. Abdiyaminov.

bugungi kungacha Sanoat energetika guruhi modernizatsiya loyihasini ishga tushirish doirasida zavodni yangilash maqsadida 160 million dollardan ortiq mablag‘ni jalb qilgan. Fransiyaning “Axens”, Italiyaning “Wood” kompaniyalari bilan litsenziyalash va muhandislik shartnomalari tuzilgan. Gidrokreking zavodi konfiguratsiyasini tasdiqlash bilan zavodni modernizatsiya qilish uchun FEED hamda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Shuningdek, gidrodesulfurizatsiya blokida katalizator almashtirildi, yangi qurilmalar 3D modellarining 60 foizi ishlab chiqildi hamda uzoq muddat tayyorlanadigan uskunalar uchun buyurtmalar berildi va avans to‘lovlari amalga oshirildi.

Ayni paytda zavodda 4 ming 500 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Ularning aksariyati sulola davomchilaridir. bugungi kunda zavodning ishlab chiqarish hajmi yiliga bir yarim million tonnani tashkil etadi. Bu yerda 60 xildan ortiq neft mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Umuman olganda, Sanoat energetika guruhining keng ko‘lamli vazifasi – O‘zbekiston aholisini o‘z neftidan olingan yuqori sifatli yoqilg‘i va moylar bilan ta’minlashdir. Shu sababli, neftni qazib chiqarish sektorida ishlab chiqarishning ilg‘or texnologiyalari tatbiq etilmoqda. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya ishlari esa aynan shunday ulkan vazifalar bilan uzviy bog‘liqdir.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri