Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Modernizatsiya: aerogeofizik usullar yer qa’rini qisqa muddatda o‘rganish imkoniyatini yaratdi
18:57 / 2021-10-27

Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan 2016-2021 yillar mobaynida sohani modernizatsiyalash, xalqaro standartlarni joriy qilish va tarmoq korxonalari transformatsiyasi borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 apreldagi “Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu ishlarni samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shamsiddin ALIMOV bilan O‘zA muxbirining suhbati aynan shu masalalar xususida bo‘ldi.

– Davlatimiz rahbarning 2021 yil 21 apreldagi qarorida geologiya sohasi korxonalarini ilg‘or xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish orqali ularda samarali boshqaruv tizimini joriy etish, foydali qazilmalarning yangi konlarini ochishga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlari tannarxini pasaytirish, konlarni sanoatda o‘zlashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish kabi vazifalar belgilangan, – dedi Sh.Alimov. 

– Shuningdek, hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga keng ahamiyat qaratilgan. Shu talablar asosida qo‘mita tomonidan soha rivoji bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishildi.

Masalan, modernizatsiya bo‘yicha oldingi 5 yil (2011-2016 yillar)da 106 milliard so‘m berilgan bo‘lsa, 2017-2020 yillarda 4 marta ko‘p, ya’ni 375 milliard so‘m ajratildi. Bu esa geologiya-qidiruv ishlarida eng ilg‘or uskuna va innovatsion metodlarni qo‘llash orqali salmoqli natijalarga erishishga zamin yaratdi.

Misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, 70 ta burg‘ilash uskunasi joriy etish orqali unumdorlik 125 foizga oshdi. Kern chiqishi 95 foizga yetkazildi, bu oldinlari 70-80 foiz atrofida edi. 167 ta laboratoriya uskunalari ishlatib, namunalar tayyorlash jarayoni 130 foizga, tahlil jarayoni 140 foizga hamda tahlil elementlarni 40 dan 63 taga ko‘payganini ta’kidlash lozim.

– O‘zbek mutaxassislari Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik usullar majmuini ishga tushirgani soha rivojida qanday qulayliklarga xizmat qilmoqda?

– Umuman olganda, yangi uskunalarni amaliyotga tatbiq etish natijasida inson omili kamaytirildi. Jarayonning avtomatik raqamli elektron bazasini shakllantirish va geologik ma’lumotlarning ishonchlilik darajasini oshirish imkonini berdi. Uskunalar va maxsus texnikaning eskirganlik darajasi ham 82 foizdan 56 foizga tushdi.

2019 yilda Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik usullar kompleksi ishga tushirilib, innovatsion usullarda yer qa’rini o‘rganish joriy etildi. Vertolyotga osilgan geofizik uskuna orqali Qurama hamda Ziyoviddin tog‘larida jami 1600 kvadrat metr, 2020 yilda 7000 kvadrat metr maydonda aerogeofizik tahlil-o‘lchov ishlari o‘tkazildi. An’anaviy usulda 1000 kvadrat kilometr 4 yilda o‘rganilgan bo‘lsa, bu ish yangi usul bilan bor-yo‘g‘i 1-2 oy vaqtda amalga oshmoqda, xarajat 4-5 barobar arzonlashdi.

Yangi usul va texnologiyalar qo‘llanishi natijasida byudjet mablag‘lari hisobidan 90 ta yangi kon bo‘yicha zaxiralar oshirilib, davlat zaxiralari balansiga qo‘yildi. Jumladan, 2016 yilda 7 ta, 2017 yilda 12 ta, 2018 yilda 13 ta, 2019 yilda 17 ta, 2020 yilda 18 ta, 2021 yilning birinchi yarim yilligida 8 xil qazilma zaxiralari o‘stirildi.

– Geologiya sohasiga xalqaro standartlarni joriy qilish ishlari qanday tashkil etilmoqda?

– Albatta, sohaga xalqaro standartlarni joriy qilish ham bizning asosiy ishlarimizdan. Shu sababli, geologiya sohasiga xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha Davlat geologiya qo‘mitasi, Olmaliq va Navoiy kon-matellurgiya kombinatlarining iqtidorli geologlaridan 56 nafari JORC kodeksi talablari asosida o‘qitildi. bugungi kunda 2 ta oltin va rangli metall konlari zaxiralari xalqaro talablar asosida qayta hisoblandi. 2022 yil oxirigacha 17 kon zaxirasi qayta hisoblanishi ko‘zda tutilmoqda. 

– bugungi kunda tizimni rivojlantirish bo‘yicha transformatsiya ishlari davr talabiga aylanmoqda. Aytingchi, tarmoq korxonalari transformatsiyasi borasida qanday natijalarga erishildi?

– Prezidentimizning 2021 yil 21 apreldagi qarori bilan belgilangan chora-tadbirlar asosida qo‘mitaning 25 ta davlat korxonasi 12 taga optimallashtirildi, “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tashkil etildi. O‘tgan davrda “PwC” (Pricyewatyerhousye Coopyers) konsalting kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi va “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ faoliyatini xalqaro standartlarga asosan yuqori darajada yo‘lga qo‘yish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishga kelishildi.

Unga ko‘ra, jarayon 2 bosqichda amalga oshiriladi. Bunda joriy yilning iyul-sentyabr oylarida jamiyat strategiyasi, ya’ni “Yo‘l xaritasi”, strategik tashabbus va moliyaviy model ishlab chiqish va avgust-sentyabr oylarida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ operatsion modelini ishlab chiqish va faoliyatini optimallashtirish vazifalari belgilangan.

Hozir bu bo‘yicha ishlar reja asosida amalga oshirilmoqda. Keyinchalik esa “PwC” tajribasini qo‘mitaning boshqa tashkilotlariga tatbiq etish va ular faoliyati samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.