Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Modarixon madrasasi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga berildi
11:24 / 2022-07-21

Buxoro viloyatidagi usta-hunarmandlar mehnati, boy tariximiz aks etgan buyumlarni xalqimiz, xorijiy va mahalliy sayyohlarga namoyish etish maqsadida viloyat bandlik boshqarmasi, shahar prokuraturasi tashabbusi bilan Modarixon madrasasi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga topshirildi.

– Ushbu ob’ektdan unumli foydalanish, hunarmandlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish maqsadida Buxoro shahri “Ishga marhamat” monomarkazi usta-hunarmandlar, monomarkaz o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan xalq hunarmandchiligi mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish, yoshlarga milliy hunarmandchilikni o‘rgatishni maqsad qildi, – deydi monomarkaz direktori Alixan Umarov. – Markazda Buxoroning qadimiy hunar turlari bilan shug‘ullanayotgan usta-hunarmandlar san’at asarlaridan bahramand bo‘lish mumkin. Har bir ustaga 10-15 nafar shogirdlar biriktirilgan. Markaz mazkur obidaga xorijiy va mahalliy mehmonlarni ko‘proq jalb qilish choralarini ko‘rmoqda.

Bu yerda hunarmandchilikning zardo‘zlik, kashtachilik, miniatyura, kandakorlik, xattotlik kabi 20 dan ortiq turlari yoshlarga o‘rgatiladi.

– Arab xattotlik san’ati bu bizning ota-bobolarimizdan kelayotgan san’at turi hisoblanadi, – deydi hunarmand Davlat Safarov. – Bu san’at turini rivojlantirish uchun birinchi qadamlar qo‘yilmoqda. Yoshlarmiz bu san’atga juda ham qiziqadi. Shu bois shogirdlar ham anchagina.

– 35 yildan buyon zargarlik bilan shug‘ullanaman, – deydi usta hunarmand-zargar Tohir Muhamedov. – Uchinchi avlodman. Ota-bobolarim ham shu hunar orqasidan kun ko‘rgan, 50 dan ortiq shogirdlarim bor. Asosiy maqsadimiz, zargarlik hunarining yo‘qolib ketgan turlarini qayta tiklab, dunyoga mashhur qilish. Shuningdek, band bo‘lmagan yoshlarga ushbu hunar sir-asrorlarini o‘rgatib, ular bandligini ta’minlashdir.

 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA