Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Modalar namoyishidan maqsad nima?
13:57 / 2021-05-11

Milliy matbuot markazida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “Haidallimodels” model agentligi hamda dizaynerlar, moda mutaxassislari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 2021 yil 17 may kuni Toshkent shahridagi Zarqaynar majmuasida “The Fashion Show Line 2021” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tadigan “Milliy an’analar – zamonaviy uslubda” deb nomlangan modalar namoyishiga tayyorgarlik jarayonlari, bugungi kunda milliy moda olamida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Dizaynerlik ishlanmalarini joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Kamola G‘ulomova, “The Fashion Show Line 2021” tadbirining asosiy tashkilotchisi, “Haidallimodels” agentligi rahbari Umida Qoraboyeva sohada amalga oshirilayotgan ishlar borasida to‘xtalib o‘tdi.  

Qayd etildiki, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan 7,5 mingdan ziyod to‘qimachilik korxonasida 360 mingdan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlangan. Mazkur to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mato va kiyim-kechak mahsulotlari milliy an’analarimizni o‘zida ifoda etmoqda. Ularning aksariyati brend darajasiga yetmoqda.  

Milliy madaniyat va san’at zamonaviy o‘zbek modelerlari va dizaynerlari ishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Aksariyat brendlar o‘zlarining to‘plamlarida milliy mavzulardan foydalanadilar. bugungi kunda muhim yo‘nalishlardan biri hisoblangan ayollar liboslariga, zamonaviy moda yo‘nalishlariga milliy qadriyatlarimizni singdirish, yoshlarda to‘g‘ri didni shakllantirish, vijdon va e’tiqod erkinligiga qat’iy amal qilgan holda “o‘zbek milliy modasi”ni yaratish soha mutaxassislari va dizaynerlarning bilim va mahoratiga bog‘liq ekanligi alohida qayd etildi.  

Joriy yilning 17 may kuni bo‘lib o‘tadigan “Milliy an’analar – zamonaviy uslubda” deb nomlangan modalar namoyishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonning milliy an’analari va madaniyatini saqlash, targ‘ib etish, taniqli dizaynerlar bilan birga, yosh moda olami vakillarini ruhlantirishda muhim ahamiyatga ega loyihadir. Mazkur loyihaning maqsadi yosh dizaynerlar va kiyim ishlab chiqaruvchilarni birlashtirish hamda ular orasida sog‘lom raqobat hamda tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning taniqli dizaynerlari, yosh dizaynerlar, ishlab chiqarish korxonalari dizaynerlari “pret-a-porte” va “Haute couture” yo‘nalishidagi liboslar kolleksiyalari bilan ishtirok etadilar.  

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, shou-tadbirda “Yilning eng yaxshi dizayneri”, “Xalqaro darajadagi eng yaxshi dizayner”, “Yilning eng yaxshi butigi”, “Yilning eng yaxshi modeli” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Har bir to‘plamning namoyishi dizayner yoki brendning teatrlashtirilgan tarixi bilan birga taqdim etiladi.  

Bu kabi modalar namoyishining o‘tkazilishi O‘zbekiston milliy brendlarini keng targ‘ib qilish, tanitish, yosh dizaynerlarning ishlarini ko‘rsatish, dizaynerlarni bir maydonga yig‘ib, yangi, zamonaviy brendlarni yaratish, aholi orasida kiyinish madaniyatini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2020 yil noyabr oyidan boshlab barcha viloyat va tumanlarda “Nafosat” festivali o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu festival doirasida modalar olamidagi ko‘plab yangi nomlar, yosh dizaynerlar kashf etilmoqda. Ular “Milliy an’analar – zamonaviy uslubda” modalar namoyishiga ham taklif qilingan.  

 

Muhtarama Komilova,  O‘zA