English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mobil qurilmaning identifikatsiya kodini o‘zgartirganlik uchun javobgarlik belgilanadi
17:00 / 2023-09-19

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi mazmuni haqida deputat Doniyor G‘aniyev ma’ruza qildi:  

— Mazkur qonun loyihasi Prezidentimizning tegishli qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan, — dedi deputat. — Ma’lumki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanib borishi barobarida ayrim shaxslar tomonidan zamonaviy raqamli texnologiyalar yutuqlaridan noqonuniy hamda g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari ham kuzatilmoqda. Shu bois ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunchilik hujjatlariga zid ravishda o‘zgartirganlik yoki nusxasini yasaganlik, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik va qonunga xilof ravishda mayning faoliyatini amalga oshirganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 165-moddasiga tovlamachilik jinoyati bilan bog‘liq aniq normalar kiritilmoqda. Ta’kidlash joizki, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qo‘mita tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda deputatlar, ekspertlar, huquqshunoslar tomonidan berilgan barcha takliflar, fikr-mulohazalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati loyiha matnida aks ettirildi. Shuningdek, fraksiyalar tomonidan bildirilgan takliflar ham inobatga olinib, qonun loyihasi maromiga yetkazildi.  

Majlisda qonun loyihasini moddama-modda ko‘rish davomida bir qator aniqlashtiruvchi savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar berildi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi.    

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA