Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligining “Byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, shuningdek, maqsadli indikatorlarning bajarilishi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida vazirlikka yuklatilgan barcha vazifalar ijrosi to‘liq ta’minlangan. Xususan, yoshlarni IT sohasida tayyorlash bo‘yicha “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘tgan yilda 500 mingdan ortiq yoshlar onlayn ta’lim kurslarini tamomlagan.

Shuningdek, mamlakat aholi punktlarini internet bilan qamrab olish darajasi yuqori ko‘rsatkichlarga yetkazilgan. Mobil internet qamrovi 99,5 foiz, optik tolali aloqa bilan qamrov esa 98,1 foizni tashkil etgan.
Vazirlik axborotida joriy yilda IT-park rezidentlari soni 3 ming 426 taga yetkazilib, ularda yaratilgan ish o‘rinlari soni 43 mingdan oshgani aytib o‘tildi.

Davlat xizmatlarini raqamlashtirish yo‘nalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida xizmatlar soni 800 tadan oshirilib, elektron xizmatlar ulushi 62,7 foizga yetkazilgan. Buning natijasida aholi hamda tadbirkorlar uchun vaqt va moliyaviy resurslar tejalishiga erishilgan.
Yig‘ilishda 2025 yilda vazirlikka ajratilgan byudjet mablag‘larining asosiy qismi maqsadli va samarali o‘zlashtirilgani, ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha mablag‘lar optimizatsiya qilingani ta’kidlandi.

M.Komilova, O‘zA