Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mobil aloqadagi nosozliklar uchun kompaniya mijozlar pulini qaytarishi kerak (+video)
17:14 / 2022-08-10

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan hamkorlikda 10 avgust kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali ovozli chat tashkil etildi.

Reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi bosh mutaxassisi Saidboburxon Jo‘rayev hamda Ijtimoiy va moliyaviy xizmatlar, shuningdek, aloqa xizmatlari sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi Bosh mutaxassisi Shahboz Zaripovlar ishtirok etib, «Aloqa xizmati va reklama faoliyatida uchrayotgan muammoli holatlar» yuzasidan berilgan savollarga javob berishdi.

Ovozli chatning matn hamda videohavola shaklini taqdim etamiz.

— Bugun iste’molchilarni eng ko‘p qiynayotgan muammolardan biri, bu – aloqa tizimi bilan bog‘liq holat. Aytingchi, bugun internet tarmog‘ida mobil aloqa xizmatidagi texnik nosozliklar yuzasidan iste’molchilar qayerga murojaat qilishlari kerak?

— Hozirgi kunda aloqa xizmatlarida kuzatilayotgan muammolar bo‘yicha agentligimizga yil boshidan buyon 608 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. O‘zbekiston Respublikasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida maxsus vakolatli organ sifatida bizni agentligimiz belgilangan bo‘lsada, biz bilan hamkor tashkilotlar mavjud. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi va ushbu vazirlik huzuridagi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar bo‘yicha aloqa sifatini nazorat qiluvchi davlat inspeksiya (GES), elektromagnit moslashuv markazi davlat unitar korxonasi bu sohada vakolatli tashkilotlar hisoblanadi. Aloqa sifatlari bo‘yicha muammo yoki tushunmovchilik yuzaga kelgan taqdirda iste’molchi eng avvalo o‘zi mijoz bo‘lgan mobil aloqa operatoriga murojaat qilishi kerak. Ular bilan muloqot jarayonida muammo hal etilmasa, yuqorida aytilgan vakolatli organlarga murojaat qilsa, vaziyat bartaraf etiladi.

— Mobil operatorlar bilan hisob-kitob qilish jarayonlari qay tartibda amalga oshiriladi? Misol uchun, men uyimdagi vay-fayga bir oyda 100 ming so‘m pul to‘layman. Qishloqda yashovchilar ham shuncha pul to‘lashadi. Ammo aloqa bir xil emas. Bu yerda iste’molchining huquqi buzilish holatlari yuzaga kelyapti. Bunday vaziyatlarda iste’molchi qanday yo‘l tutishi kerak?

— Mobil operatori iste’molchilar bilan belgilanadigan shartnomasida fuqaro o‘zi yashayotgan manzil uyining ichidagi, yashayotgan muhitidan kelib chiqib, aloqa sifatiga ta’sir ko‘rsatadigan holatlar bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Aloqa sifati yomonlashsa, mobil operator javobgar emas.

Qachonki kompaniyaning siz yashayotgan hududda to‘satdan 3-4 kun texnik xatoliklar tufayli aloqa sifati buzilsa yoki umuman aloqa bo‘lmay qolgan holatda kompaniya iste’molchiga ishlamagan kunlari uchun pulini qayta hisob-kitob qilib berishi kerak.

— Aloqa xizmatining sifatsizligi bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning qanchasi bartaraf etildi?

— Yil boshidan buyon agentligimizga aloqa xizmatlari bo‘yicha 608 dan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyat qismi qanoatlantirilgan holda hal etilgan. Ba’zi holatlarda kompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan, uning huquqiga tegishli qismlar bo‘ladi. Aloqa xizmatlaridagi ta’rif narxlari, ya’ni nega bunaqa qimmat degan mazmundagi murojaatlar ham kelib tushadi. Bunday holatda tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, mobil aloqa operatorlari ham tadbirkor sifatida xizmatlariga narxni o‘zlari mustaqil belgilash huquqiga ega. Tashqaridan turib davlat yoki hokimiyat organi xodimlari aralashuvi taqiqlangan.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yXiFKUFKli8" title="Mobil alokadagi nosozliklar uchun kompaniya mijozlar pulini kaytarishi kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, Yo. Meliboyev (video), O‘zA