So‘nggi paytlarda mamlakatimizda mobil aloqa operatorlari tomonidan tarif va xizmat ko‘rsatish narxlarining oshirilishi haqidagi ma’lumotlar keng jamoatchilik, ayniqsa, raqamli xizmatlardan faol foydalanuvchi aholi qatlami o‘rtasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda mobil internet va aloqa xizmatlari nafaqat shaxsiy muloqot, balki ta’lim, biznes, davlat xizmatlaridan foydalanish, onlayn tijorat, masofaviy ishlash va ijtimoiy faollikning ajralmas qismiga aylandi.
Shu munosabat bilan mobil aloqa operatorlari tomonidan tariflarni oshirish yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari boshlangani ma’lum qilindi.

Qo‘mita mobil aloqa operatorlari tomonidan tariflarni oshirish holatining iqtisodiy va huquqiy asoslarini o‘rganish maqsadida joriy yil noyabr oyining boshlarida operatorlarga tegishli tartibda so‘rovlar yuborgan.
Hozirgi vaqtda mobil aloqa operatorlari tomonidan xizmatlar qamrovini kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash, ko‘rsatilgan investitsiya xarajatlari haqida taqdim etilgan ma’lumotlar Qo‘mita tomonidan tahlil qilinmoqda.
O‘rganish natijasida agar mobil aloqa operatorlari tomonidan raqobatga zid harakatlar, xususan muvofiqlashtirilgan jarayonlar yoki sun’iy narx oshirish holatlari aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda tekshirish ishlari o‘tkaziladi va qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘riladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA