Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mobil aloqa xizmatlari bir yil ichida 9,8 foizga qimmatlashdi
15:04 / 2026-01-06

Hozirda mobil aloqa xizmatlari aholining kundalik hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Internet, qo‘ng‘iroqlar va raqamli xizmatlarsiz na ta’lim, na biznes, na ijtimoiy hayotni tasavvur etib bo‘ladi. Shu bois mobil aloqa narxlaridagi har qanday o‘zgarish aholining keng qatlamlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil noyabr oyida mobil aloqa xizmatlari narxlari oktyabr oyiga nisbatan o‘rtacha 0,5 foizga oshgan. Eng e’tiborga molik jihati shundaki, yil boshidan buyon mazkur xizmatlar 9,8 foizga qimmatlashgan.

Narxlarning 9,8 foizga oshishi, bir qarashda katta ko‘rsatkich bo‘lib tuyulmasligi mumkin. Biroq, doimiy ravishda mobil aloqadan foydalanadigan aholi uchun bu xarajatlar sezilarli darajada ortishiga olib keladi. Oylik tarif rejalari qimmatlashishi oilaviy byudjetga qo‘shimcha bosim bo‘lishi mumkin, ayniqsa bir oilada bir nechta abonent bo‘lsa. 

Shu bilan birga, mutaxassislar mobil aloqa bozorida raqobat mavjudligi narxlarning keskin oshib ketishini cheklab turganini ta’kidlashmoqda. Operatorlar abonentlarni saqlab qolish uchun turli aksiyalar, paketlar va bonuslarni taklif qilishga majbur.
Ayrim hollarda tarif narxlari oshirilgan bo‘lsa-da, paket hajmi kengaytirilishi yoki qo‘shimcha xizmatlar kiritilishi orqali bu o‘sish yumshatilmoqda.

2025 yil boshidan buyon mobil aloqa xizmatlari narxlarining 9,8 foizga oshgani iqtisodiy omillar bilan izohlanadi. Bu jarayon aholining kundalik xarajatlariga ta’sir qilayotgan bo‘lsa-da, xizmatlar sifati va qamrovining kengayishi bilan muvozanatlashtirilmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA