Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mo‘ynoq mo‘jizasi: haqiqatga aylangan afsonalar
15:47 / 2020-01-23

Shaxsan o‘zim Qoraqalpog‘istonda 20 yildan ortiq vaqtdan buyon yashab kelsam ham ushbu tumanga ilk bor 2015 yilda borishga muvaffaq bo‘lgan edim.


Bir vaqtlar dong‘i dunyoga taralgan Mo‘ynoq dengiz suvlari tortilgandan keyin qariyb yarim asr mobaynida umuman e’tibordan chetda qolib ketgan o‘lkaga aylanib qolgan edi. “Mo‘ynoq” desa odamlar tasavvurida go‘yo dunyoning narigi chekkasi tushunilar edi. Tan olish kerak, hattoki ko‘p rahbarlar Mo‘ynoqqa 2017 yildan e’tibor qaratila boshlagandan keyin ilk qadamlarini tashladi.

Shaxsan o‘zim Qoraqalpog‘istonda 20 yildan ortiq vaqtdan buyon yashab kelsam ham ushbu tumanga ilk bor 2015 yilda borishga muvaffaq bo‘lgan edim. Shaxsiy hissiyotlarim bilan o‘rtoqlashadigan bo‘lsam, bundan 5 yil avvalgi Mo‘ynoq bilan hozirgisi o‘rtasida osmon bilan yerdek farq bor.

Hamon yodimda. 2015 yil jurnalistlar bilan tuman markazidan reportaj tayyorlash uchun borganimizda, Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqacha yo‘lda bironta avtomashina uchratmadik. Borgandan keyin qo‘shimcha transport kerak bo‘lib qoldi. Shunda hatto hokimlikdan ham avtomashina topa olmaganmiz. Tumanda metan u yoqda tursin, hattoki propan yoqilg‘i quyish shoxobchasi ham yo‘q ekan. Tushlik paytida ovqatlanadigan joy qidirdik, shahar markazida faqat bitta kafe bo‘lib, u yerda ham shu kuni o‘quvchilar tadbir o‘tkazayotgan ekan.

Bugun-chi? Bugun Nukusdan Mo‘ynoqgacha yo‘lda transport. Nukusda ko‘rmagan transportlarni Orolning qurigan tubida ko‘rib, hayratdan lol qolayotganlar qancha. 2015 yilda tuman markazi ko‘chalarida faqat kondensat gaz bilan yuradigan motosikl va “Moskvich”larni ko‘rish mumkin edi. Hozirda zamonaviy yo‘ltanlamas avtomashinalarni boshqa tumanlarda ko‘ra olmassiz, lekin Mo‘ynoqda bisyor.

2015 yili borganimda odamlarning ko‘zlarida umidsizlikni ko‘rib, haqiqiy fojeani his qilgan edim. Ishsizlik, har xil kasalliklar, atmosferaning ifloslanishi odamlar tinkasini obdan quritgan edi. Lekin shunday sharoitda ham ular ona yurtini tashlab ketmay, kelajakka umid bog‘lab yashadi. Va bu kunlar, nihoyat, yetib keldi.

Hozir hamma Mo‘ynoqqa borib ko‘rishni orzu qila boshladi. Shaxsan o‘zim xizmat yuzasidan deyarli har oyda borayotgan bo‘lsam ham, har borishimdan oldin xuddi birinchi bor tashrifim kabi yuragim otliqib turadi.

“Nima uchun Mo‘ynoqqa borish kerak?”

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi va @newmuynakcity telegramm kanallari mahalliy turizmga hissa qo‘shish maqsadida aynan shu nomda mega-tanlov tashkil qildi.

Tanlov sharti Mo‘ynoqqa borish yoki sayohat qilish uchun 3 ta eng muhim sababni aytib, hoxlagan tilda videoga tushib yuborish kerak.

Ha, bugun Mo‘ynoqqa borishga sabab ko‘p. O‘ziga ohanrabodek rom qilayotgan o‘lkaning mehri boshqacha. Keng sahrolik insonga qandaydir tushuntira olmaydigan kuch bag‘ishlaydi. Qo‘ng‘irotdan o‘tgandan keyin ana shu his-tuyg‘u vujudingizni egallab oladi. Bir vaqtlar dengiz bo‘lgan joylarga kelganingizda xayolingizdan ko‘p narsalar kechishi aniq.

Nihoyat, Mo‘ynoqqa yetib kelsangiz o‘zgacha yoqimli atmosferani sezasiz. Yangidan qurilgan va qurilayotgan binolar, ijtimoiy ob’ektlar yangi hayot boshlanganidan darak beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 yanvardagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida atigi 32 ming aholisi bor bitta tuman uchun 1 trillion 485 milliard 176 million so‘m mablag‘ ajratildi (bunaqasi hali O‘zbekistonning boshqa hech bir hududida bo‘lmagan) va o‘tgan yilning o‘zida qator ob’ektlar qurildi, rekonstruksiya qilindi, kapital ta’mirlandi va foydalanishga topshirildi.

Mo‘ynoqda deyarli har kuni yangiliklar yuz bermoqda. Bir yilning ichida Mo‘ynoqning qoq markazida qad rostlagan 18x36 o‘lchamdagi sport zali, yopiq suzish suv havzasi, futbol o‘yingohi, madaniyat markazi, 2000 kishi sig‘adigan amfiteatr, yodgorlik monumenti, Davlat xizmatlari agentligi, Tuman elektr ta’minoti korxonasi binosi, Hunarmandlar alleyasi, zamonaviy “Yoshlar markazi”, Kurant minora soati, “Surxon quyoshi” maktabgacha ta’lim muassasasi va boshqa ob’ektlar butunlay yangi shaharni paydo etdi.

3 yil ichida yangidan qurilishi belgilangan 42 ta ko‘p kvartirali uylarning 20 tasida qurilish ishlari yakuniga yetmoqda va dastlabki uylarga egalari joylashmoqda.

Eski kemalar yig‘ilgan joyda yangidan qurilgan “Orol dengizi tarixi” muzeyida Orol dengizining o‘tmishi, turfa xil qushlar, baliqlar haqida ma’lumotlar, kemalarning turli uskunalari, tarixiy fotosuratlar va rassomlarning ijod namunalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan yangidan qurilgan “Future Muynak” axborot texnologiyalari markazi va “Vook cafe”ning foydalanishga topshirilishi mo‘ynoqlik yoshlarning orzulari ro‘yobga chiqishida katta qadam bo‘ldi. Chunki bu muassasalarda yoshlarning kompyuter texnologiyalarini o‘rganishi va zamonaviy adabiyotlarni o‘qishi uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlangan “Future Muynak” axborot texnologiyalari markazida yoshlar bugungi kun talabiga javob beradigan 2D-grafika, 3D-modellashtirish, veb-dizaynerlik, dasturlash kabi mutaxassisliklar bo‘yicha bilimlarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lsa, “Vook cafe” kutubxonasida badiiy va boshqa kitoblarni o‘qib, bilimini oshirishi, ma’nan hordiq chiqarishi mumkin.

Tuman markazida barpo qilingan “Mo‘ynoq porloq tekstil” tikuvchilik majmuasida 350 nafar xotin-qizning ish bilan ta’minlanishi juda muhim voqealardan biri bo‘ldi. Shuningdek, Mo‘ynoqda afsonaviy konserva zavodining foydalanishga topshirilishi ham butun xalqni quvontirdi.

Davlat budjeti hisobidan 25 milliard so‘m evaziga qurilgan baliqni qayta ishlash va konservalash zavodida baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash liniyasini tashkil qilish uchun Rossiya Federatsiyasi Kaliningrad shahrining “Rыbtexsentr” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar olib kelinib, montaj qilish ishlari amalga oshirildi.

Mazkur loyiha ishga tushirilishi bilan korxonada yiliga 3650 tonna baliq qayta ishlanadi. 9 million dona baliq konservasi, 780 tonna baliq farshi, 400 tonna baliq felesi va 200 tonna dudlangan baliq tayyorlanadi. Zavodda 1000 tonna baliq mahsulotlarini saqlash uchun muzlatgichli omborxona mavjud. Shuningdek, bu yerda 60 kishi ishli bo‘ladi.

Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun “Moynaq Akva sanoat” davlat unitar korxonasiga tumandagi umumiy maydoni 60 ming gektardan ortiq bo‘lgan 9 ta suv havzasi biriktirilgan.

Mana shunday yangiliklar yuz berayotgan bir paytda Mo‘ynoqni bir ko‘rmaslik uchun qanday bahona topish mumkin?!

Mo‘ynoq bilan Orol – donolik va mardlik timsoli

Qoraqalpog‘istondagi ko‘plab taniqli davlat arboblari, O‘zbekiston Qahramonlari, olimlar, shoir-yozuvchilar, madaniyat sohasi vakillari Mo‘ynoqda, Orol dengiziga yaqin joyda tug‘ilib o‘sgan.

Masalan, Berdaq va Ajiniyoz shoirlar asli mo‘ynoqchilar. Xalq shoiri Tileubergen Jumamuratov ijodining asosiy mahsuli tug‘ilib o‘sgan joyi – Orol dengizi sohillari to‘g‘risida bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasini boshqargan Qallibek Kamalov, marhum Sag‘indiq Niyetullaev, Ubbiniyaz Ashirbekov va marhum Timur Kamalovlar ham Orolga yaqin joyda tug‘ilib o‘sgan. Akademik Jumanazar Bazarbaev tug‘ilib o‘sgan Mo‘ynoq tumaniga tez-tez tashrif buyurib, ulkan o‘zgarishlardan bahramand bo‘lib turadi. Ushbu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Yaqinda Mo‘ynoq ko‘chalaridan o‘tayotganimda yog‘ochdan qurilgan bitta eski uy e’tiborimni tortdi. Yoniga borib qiziqib qarab tursam, mo‘ynoqchi Po‘lat og‘a “bu uyda Sovet Ittifoqi Qahramoni Ivan Fyodorovich Maxorin yashagan” dedi. Shu uyning qoshidagi yana bir uyni ko‘rsatib, “bu uyda Moskva shahrining meri (aslida KPSS Moskva shahrining birinchi kotibi) Yuriy Anatolevich Prokofev yashagan” deb qo‘shib qo‘ydi.

Mo‘ynoq ko‘plab mard va dono kishilarni dunyoga keltirgan va tarbiyalab bergan. Orol mavj urib turgan paytlarda mo‘ynoqlik yigitlar harbiy xizmatda dengiz flotiga jalb qilingan. Dengiz flotiga esa eng kuchlilar tanlab olingan.

Yaqinda Mo‘ynoqdan qaytib kelayotib, mashinaga birga mingan hamrohim bilan suhbatlashib qoldim. Uning tumandagi o‘zgarishlar haqidagi fikrini bilmoqchi bo‘ldim.

– Keyingi yillarda juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, – dedi u. – Bu yil suv ham yaxshi. Xalqning kayfiyati yanada a’lo bo‘ldi. O‘tgan hafta sigirim yaylovga ketib kelmay qoldi. Yaylov deyayotganim qurib qolgan ko‘lda o‘sib turgan qamishlar. Kecha shu sigirimni izlab chiqdim. Ko‘lga suv ko‘p kelib, jonivor suvdan chiqa olmay qolgan ekan. Suv etik kiyib ko‘lning ichiga kirib, olib chiqdim. Lekin suv belimgacha keldi. Sovuq qotib qoldim. Uyga borib ukol oldim.

Shu gapni u oddiy qilib, kundalik ish faoliyati kabi aytayotgan edi, men esa “shu sovuqda suvga tushdingizmi?” deb hayratdan lol qoldim. Noyabr oyida Mo‘ynoqda ancha sovuq bo‘lishini hisobga olsak, hamrohimning bu ishini haqiqiy mardlik, deb hisoblash mumkin.

Ha, mo‘ynoqchilar – mard xalq. Bunga yana bir misol keltiraman.

Bugungi kunda Orol dengizining qurigan hududida 5 million gektardan ziyod maydonda zaharli pestitsidlar bilan to‘yingan qumli-tuzli cheksiz sahro paydo bo‘ldi. Har yili shu sahrolardan 100 million tonna zaharli chang ko‘tariladi.

Ekologik fojia oqibatida Orolbo‘yi hududida nafas yo‘llari kasalliklari yildan-yilga ortib bormoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi 100 ming odamga 50 tadan ortiqqa to‘g‘ri kelsa, bu epidemiya hisoblanadi. Qoraqalpog‘istonda esa bu ko‘rsatkich 78 tani tashkil etadi. Orol dengiziga yaqin hududlarda bundan ham yuqori.

Hududda kamqonlik, onkologik va boshqa kasalliklar ko‘paymoqda, go‘daklar o‘limi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki marta yuqori.

Ekologik fojia tufayli har 4-5 yilda hududda suvsizlik yuzaga kelib, u 2-3 yillab davom etmoqda. Bu butun agrosanoat kompleksiga, jumladan, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sanoatda qayta ishlash va boshqa sohalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mana shunday qiyinchiliklarni matonat bilan yengib, fojiani omadga, tumanni «Sahro marvaridi»ga aylantirish uchun fidokorona mehnat qilayotgan mo‘ynoqchilarni mard xalq deb aytmaslik mumkinmi!. Shuncha qiyinchiliklarni boshidan kechirgan xalqni albatta baxtli kunlar kutib turgani aniq. Baxtli kunlar poydevorini yaratish borasida hozir Orolning qurigan maydonida o‘rmonlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Cho‘l o‘simliklari – fojia xaloskori

Joriy mavsumda Orol dengizining qurigan tubidagi 700 ming gektar maydonga saksovul, yulgun, qandim, qorabaraq va boshqa yaylov-cho‘l o‘simliklarini ekish belgilangan bo‘lsa, bugungi kunga qadar rejaning qariyb 50 foizi bajarilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy mavsumda ekish uchun 2400 tonna cho‘l o‘simliklari urug‘i yig‘ilishi belgilangan va hozirgi kunda deyarli 2000 tonnasi tayyorlangan. Urug‘ tayyorlash ishlariga ishchilar bilan birga Mo‘ynoq tumani aholisi ham keng jalb qilingan. Urug‘ning har kilogramiga 10 ming so‘mdan berilmoqda. Bitta kishi bir kunda o‘rtacha 15-20 kilo yig‘ishi mumkin.

Urug‘dan o‘rmon ekish tadbirlari asosan traktorlar va AN-2 samolyotlari orqali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, deltaplanda urug‘ sepish ham yo‘lga qo‘yildi.

Hozirda Orolning qurigan tubida o‘rmonlashtirish tadbirlariga 850 ta texnika (jumladan, 4 ta samolyot) va 2500 dan ortiq ishchilar jalb qilingan. Mazkur tadbir 2018 yil dekabr oyida boshlangan bo‘lib, o‘tgan mavsumda 460 ming gektardan ortiq maydonda cho‘l o‘simliklari ekilgan edi.

Umuman, o‘rmonlashtirish tadbirlari dengiz chekingandan keyin, ya’ni o‘tgan asrning 80-yillarida boshlangan bo‘lib, qariyb 40 yil davomida atigi 400 ming gektar maydon o‘rmonlashtirilgan edi. 2018 yilgacha, ya’ni yangi o‘rmonlashtirish davri boshlangunga qadar, Mo‘ynoqda o‘rmonlashtirish tadbirlariga atigi ikkita traktor (T28 markali) va 10-15 ishchi jalb qilingan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich bir necha yuz barobar oshgan.

Orolga hayot qaytmoqda

Bundan 20 yillar avval Orol dengizining qurigan tubida 28 ming gektar maydonda ekilgan saksovulzorlar orasida hozirda hayvonot va qushlarning ko‘plab turlari paydo bo‘lgan. Jumladan, g‘ozlar, o‘rdaklar, yirtqich qushlar, qirg‘ovul, qashqaldoq, ondatra, bo‘rsiq, chiyabo‘ri, tulki, bo‘ri, qamish mushugi, jayron, yovvoyi cho‘chqa va boshqalarni ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston hududida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha qushlarning 137 yangi turi aniqlangan. Jumladan, mintaqa ornitofaunasi uchun yangi 10 ta tur fanda rasman qayd etilgan.

Biologiya fanlari doktori Sveta Mambetullaevaning ta’kidlashicha, Orolbo‘yi mintaqasida avval uchramagan begunok, sharq klushasi (vostochnaya klusha), uzun dumli chittak (dlinnaxvostaya sinitsa), kichik baliqchi qush (malaya chayka), katta chittak (bolshaya sinitsa), kichik chipor qizilishton (malыy pyostrыy dyatel), kul rang kaklik (seraya kuropatka), snegir kabi yangi qush turlari paydo bo‘lgan. Quyi Amudaryoda ekologik vaziyat pasayishiga qaramasdan, hududda tabiiy muhitda ba’zi o‘troq va ko‘chmanchi qushlar uchun qulay sharoitlar ham yuzaga keldi.

Keyingi paytlarda Qoraqalpog‘iston hududidagi ko‘llarga flamingo qushlari ko‘payish uchun ham kela boshladi. Jumladan, Mo‘ynoq qo‘ltig‘idagi ko‘llar tizimi bo‘lgan Sudoche, Sariqamish, Jaltirbas, Shegeko‘l kabi ko‘llar flamingolarning ko‘payishi uchun nihoyatda qulay hisoblanadi.

Yaqin vaqtlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 885 ming gektar maydonga ega bo‘lgan yangi 4 ta – «Sudoche ko‘li tizimi» (84,7 ming ga), «Aqpetkey» (58,8 ming ga) «Beltau» (188,3 ming ga), «Mejdureche Aqdaryo – Qazaqdaryo» (22,2 ming ga) buyurtmaxonalari tashkil qilinishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu buyurtmaxonalar bioxilmaxillikning yanada rivojlanishiga keng imkon yaratadi.

Mo‘ynoqda endi sayyohlar samolyotlarda sayr qilishi mumkin

Mo‘ynoq tumanining turistik salohiyatini ko‘tarish maqsadida sayyohlarni samolyotlarda sayr qildirish loyihasi ishlab chiqilgan.

Hukumatning yuqorida qayd etilgan qarorida Nukus-Mo‘ynoq-Orolbo‘yi dengizi yo‘nalishida (va ortga) vertolyot va samolyotda yo‘lovchi tashish xizmatlarini tashkil etish, 3 ta AN-2 rusumdagi samolyotni ta’mirlash va 2 ta vertolyot sotib olish belgilangan. Nukus-Mo‘ynoq-Orolbo‘yi dengizi yo‘nalishida (va ortga) samolyotda yo‘lovchi tashish xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha Kanada tajribasi o‘rganilmoqda.

Tumandagi aeroportni rekonstruksiya qilish uchun esa bugungi kunda 35,6 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, 35,7 milliard so‘m moliyalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistik salohiyatini targ‘ibot qilish maqsadida http://karakalpakstan.travel/ sayti ishga tushirilgan bo‘lib, hozirda tumanning sayyohlik salohiyatini namoyon qiluvchi o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma’lumotlar kiritilib borilmoqda.

Hozirda newmuynakcity.uz veb-saytiga Mo‘ynoq tumanining sayyohlik salohiyatini namoyon qiluvchi o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma’lumotlar taqdim etib borilmoqda. Tumanning turli hududlarida “selfi ob’ekt”lari tashkil etilgan. “Hunarmandlar alleyasi” tashkil etildi. Hunarmandlar alleyasida 3 ta o‘tov va 6 ta do‘kon joylashgan bo‘lib, o‘tovlarda yog‘och o‘ymakorligi, quroq buyumlari va qo‘lda gilam to‘qiydigan mohir usta-hunarmandlar joylashtirildi. Do‘konlarda esa esdalik buyumlari, milliy poyabzal mahsulotlari, qo‘lda to‘qilgan gilamlar, milliy musiqa asboblari, sovg‘a buyumlari ishlab chiqaradigan hunarmandlar faoliyat olib boradi.

Turistlar uchun “Baliqchilik qishlog‘i”ni ko‘rish ham qiziq. Shu maqsadda “Baliqchilik qishlog‘i”ni tashkil etish uchun “Tik-O‘zek”ovul fuqarolar yig‘ini hududida 2 gektar yer maydoni ajratildi.

“Baliqchilar qishlog‘i”da turistlar baliqchilar uylarini, baliqchilik uy-muzeyini tomosha qilishi, qayiqda sayr etishi, baliq ovlashi, ovqatlanishi, avtotransportlarda diqqatga sazovor boshqa joylarga tashrif buyurishi mumkin.

Darhaqiqat, afsonalar bugun Mo‘ynoqda haqiqatga aylanmoqda. Butun xalq bir maqsad yo‘lida jipslashgan Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar tarix saxifalariga oltin harflar bilan yozib qoldiriladi. Va bu buyuk ishlar, albatta, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev nomi bilan bog‘lanadi.