Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MKBANK transformatsiya jarayonlari va yangi loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berdi
16:34 / 2023-12-13

Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kompleks ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar ijrosini ta’minlashda respublikamizdagi banklarning o‘rni yuqori.

Xususan, bank tizimida mijozlar uchun qulay va tezkor xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish zamon talabidir. Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida «Mikrokreditbank» ATB tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur bankda olib borilayotgan loyihalar tahlil qilindi. 

Tadbirda «Mikrokreditbank» ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari A.Hamidov transformatsiya jarayonlari xususida ma’lumot berdi. 

Xalqaro «Price Waterhouse Coopers» (PWC) konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda «Mikrokreditbank»ning 2022-2025 yillarda rivojlantirish strategiyasi» va transformatsiya «Yo‘l xaritasi»ga muvofiq 6 ta ustuvor yo‘nalishdagi 33 ta loyiha amalga oshirilmoqda. 

Mijozlar uchun qulay va tezkor xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida bank filiallarini ixcham bank xizmatlari markazlari va ofislariga aylantirish ishlari olib borildi. Hozirda hududlarda bankning 136 ta xizmat ko‘rsatish markazlari va ofislari hamda 437 ta 24/7 shoxobchalari orqali aholiga uzluksiz bank xizmatlari ko‘rsatilmoqda. 

2023 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, 1 mln. 470 ming jismoniy va 251 ming 532 yuridik shaxsga, ya’ni jami 1 mln. 722 ming nafar mijozga xizmat ko‘rsatilmoqda. O‘tgan davrda 8 ta loyiha «BIG4» xalqaro konsalting kompaniyalari bilan amalga oshirildi. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar «Ernst & Young» kompaniyasi bilan risk menejment tizimini takomillashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi. 

Shuningdek, «Deloitte & Touche» kompaniyasi bilan Tavakkalchilikka asoslangan ichki audit, Korrupsiyaga qarshi nazorat, Ichki nazorat va sanksiyaviy komplayens tizimlarini takomillashtirish ishlarini tugatish maqsad qilingan. 

[gallery-15052]

Bankda KPI tizimi joriy etilib, bosh ofis va filial xodimlari individual ko‘rsatkichlar bo‘yicha rag‘batlantirilmoqda. 

Joriy yilning aprel oyida mijozlarga yangi zamonaviy va raqobatbardosh Mavrid mobil ilovasi taqdim etildi. Ilova orqali 36 ta dan ortiq onlayn xizmatlardan foydalanish mumkin bo‘lib, bugungi kunda 418 mingdan ziyod mijozlar undan foydalanmoqda.

Bank Call markazi zamonaviy dastur bilan ta’minlandi. "Soft collection" kreditlarni undiruv tizimi yo‘lga qo‘yildi, kredit qarzdorliklarni undirish bo‘yicha avtomat chiquvchi qo‘ng‘iroqlar amalga oshirish IVR dasturi joriy qilindi.
CRM, Skoring va BPM tizimlari amaliyotga tatbiq qilindi. 

Bankda anderrayting tizimi joriy etilib, jismoniy shaxslarga beriladigan barcha kreditlar skoring tizimi orqali ajratilmoqda. Yuridik shaxslar uchun 24 turdagi modulli kreditlar joriy etildi. 

Bankning ixtiyoriy Xizmat ko‘rsatish markazlaridan hisob raqamlarini bepul boshqarish kabi qator qulayliklar yaratish maqsadida bank filiallari «Yagona MFO» tizimiga o‘tkazildi. 

Tadbirda 2024 yilda bank tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. 

Jumladan, yangi joriy qilingan mobil ilovaning imkoniyatlarini kengaytirish, KPІ tizimini avtomatlashtirish, mijozlar ehtiyojlari va shikoyatlarini onlayn tarzda to‘plash, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun situatsion markaz tashkil qilish, kredit konveyerini yuridik shaxslar uchun to‘liq joriy qilish bo‘yicha gapirib o‘tildi. 

Matbuot anjumani davomida «Mikrokreditbank» ATB mas’ul xodimlari jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi. 

Marhabo Madaminova, O‘zA