French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Miyonqol”, “Tasmachi” va “Oqtepa”da muammolar yechim topadi
14:21 / 2022-01-20

Mamlakatimizda hududlardagi ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, mahallabay ishlash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlab, o‘z vaqtida va joyida hal etish bo‘yicha yangicha tizim joriy etildi.

Shunga ko‘ra, Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga tashrif buyurib, mavjud muammolarni o‘rgandi.

Viloyat rahbari dastlab hududdagi “Miyonqol” MFYda bo‘ldi. O‘rganish doirasida xatlov natijalariga ko‘ra aniqlangan hududda yashovchi 23 nafar kreditga ehtiyoji bor fuqaroga qonunchilikda belgilangan tartibda tezkor kredit ajratish choralari belgilandi.

Shuningdek, hududda Biogumus organik o‘g‘iti ishlab chiqarish ob’ekti faoliyati o‘rganilib, tuman rahbariyatiga mazkur o‘g‘itni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish choralarini ko‘rish va natijasiga ko‘ra ishlab chiqarishni yanada kengaytirish yuzasidan taklif kiritish vazifasi topshirildi.

Aholi bilan uchrashuv chog‘ida ushbu mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro Laylo Xolmirzayeva viloyat rahbariga o‘zi boshqarayotgan “Zamiraxon 2019” MCHJ korxonasiga ishlab chiqarishni kengaytirishi uchun 400 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishida yordam so‘radi. Ushbu masalaning tez kunlarda ijobiy yechimini ta’minlash bo‘yicha viloyat Markaziy bank bosh boshqarmasi va boshqa mas’ullarga topshiriqlar berildi. Shu bilan birgalikda, mazkur masala yuzasidan sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

Hududning iqlim sharoitini hisobga olgan holda, viloyat rahbari mas’ullarga “Miyonqol” MFYda uzumchilik bo‘yicha eksport qiluvchi klaster korxonasini tashkil etish yuzasidan taklif kiritishni topshirdi.

N.Tursunov tashrifi chog‘ida aholi murojaatlarini inobatga olib, hududning “Olmazor” ko‘chasidagi barcha eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, tegishli yo‘l harakati belgilarini o‘rnatish, qabristonga boruvchi ichki yo‘llar va ko‘prikning holati o‘rganilib, ta’mirlanishi, qum-shag‘al yotqizish va asfaltlash, aholining gaz bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish bo‘yicha muddatli topshiriqlar berdi.

Shuningdek, viloyat rahbari tumanning “Tasmachi” va “Oqtepa” mahallalarida ham bo‘lib, aholi murojaatlarini tingladi.

Jumladan, “Tasmachi” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Nafosat Homidovaning bandlik, mahalla binosining 2-qavatini tikuvchilik sexi tashkil etishi uchun ta’mirlash, shuningdek mazkur sexga ishchilarni jalb qilib, ularni o‘qitish, sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam ko‘rsatish borasidagi murojaatlari yechim topadigan bo‘ldi.

“Oqtepa” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Husniddin O‘rolov ham bir qator masalalar bo‘yicha murojaat qilib, viloyat rahbaridan ularni ijobiy hal etish yuzasidan yordam berishni so‘radi. Shunga asosan huquqni muhofaza qilish idoralari bilan birgalikda qonunchilikda belgilangan tartibda fuqaroning oilasini tiklashiga amaliy ko‘mak berish va uning bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish qat’iy belgilandi.

Shuningdek, viloyat rahbari tomonidan mas’ullarga Xatirchi tumanidagi yo‘llarning holatini o‘rganib chiqib, ta’mirlash choralarini ko‘rish, tumanni to‘liq elektrlashtirish masalasi bo‘yicha takliflar kiritish, hududdan oqib o‘tgan kanalni tozalash borasida ham qator vazifalar yuklatildi.

Umuman olganda, N.Tursunovning Xatirchi tumaniga tashrifi doirasida fuqarolarning 70 dan ziyod shaxsiy va ijtimoiy murojaatlari o‘rganilib, aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli tashkilot va korxonalar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga muddatli vazifa va topshiriqlar berildi.

 

Bektemir Pirnafasov,
Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari.
 

O‘zA