Miting ishtirokchilari korrupsiyaga qarshi kurashishda partiya qanoti ostida birlashishga ovoz berdi
Oʻzbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi tomonidan partiyaning Sirdaryo viloyati kengashida “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida targʻibot mitingi tashkil etildi.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi tomonidan partiyaning Sirdaryo viloyati kengashida “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida targʻibot mitingi tashkil etildi. Aksiya tarzida oʻtgan ushbu mitingda partiya faollari, deputatlar, partiya elektorati boʻlgan soha vakillari, yoshlar, koʻplab partiya ixlosmandlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumki, korrupsiya jamiyat ildizini tubidan qoʻporuvchi illatdir. Unga qarshi barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib kurashmasak, mamlakat kelajagini halokatga olib borishi, shubhasiz. Shu boisdan, bunga yoʻl qoʻymaslik va korrupsiya jinoyatiga butunlay barham berish uchun fuqarolarimiz ongida korrupsiyaga qarshi nafrat, uni sodir etishga boʻyin bermaslik tuygʻusini shakllantirishimiz lozim. Afsuski, bu illatning sodir etilishiga koʻp hollarda fuqarolarimizning oʻzlari bilib-bilmay sababchi boʻlmoqda. Aynan partiyaning dasturiy maqsadi ham korrupsiyaga qarshi kurashib, bu yoʻlda fuqarolarimiz huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali koʻzlangan natijaga erishishdir.
Mitingda soʻzga chiqqan partiyaning Sirdaryo viloyati kengashi raisi Dilshunos Abdullayeva yuqorida keltirilgan fikrlarni bayon etib, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻlida barchamiz bir kuch boʻlib birlashishimiz lozimligini alohida taʼkidladi.
– Bu yoʻlda bizga hech qanday kuch qarshi kelolmaydi! Chunki, bu illatni batamom yoʻq qilish poydevorini biz adolat ustiga quramiz! Bilasizki, adolat hech qachon yengilgan emas! – deydi baralla partiyaning viloyat kengashi raisi.
Ushbu aytilgan xitoblar, baralla yangragan shiorlar yigʻilganlar qalbini toʻlqinlantirib yubordi va bir ovozdan maʼqullashdi. Shu bilan birga, deputatlar, partiya faollari ham soʻzga chiqib, bu borada partiya tomonidan olib borilayotgan aniq islohotlar, izchil rejalar bilan xalqni tanishtirdi. Bu yilgi boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlar oldidan ishlab chiqilayotgan partiya saylovoldi dasturida korrupsiya jinoyatiga qarshi kurashish boʻyicha bandlar kiritilgani, kelgusida ushbu yoʻnalishda qator qonunlar yaratilib, ularni keng hayotga tatbiq etishda partiya saʼy-harakatlardan toʻxtamasligi alohida tilga olindi.
Shuningdek, miting chogʻida koʻplab saylovchilar tomonidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi. Ayni paytda ishtirokchilar tomonidan yaratilayotgan qonunlarning mohiyatan kuchsiz ekanligi, ularda fuqarolar manfaatlari aks ettirilgan boʻlsa-da, amaliy yechimi koʻzga tashlanmayotganligi, yoki ayrim qonun hujjatlarida korrupsiyaga sharoit yaratib beradigan bandlar mavjudligi sanab oʻtildi. Asosli keltirilgan dalillar, fikr va takliflar inobatga olinishi, boʻlgʻusi saylovoldi dasturida qonunchilikda yoʻl qoʻyiladigan bu kabi xatolarni tuzatish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqilayotgani eʼtirof etildi. Shundan soʻng barcha yigʻilganlar korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashishda partiya qanoti ostida harakatlanishga ovoz berdi.
Miting davomida shou konsert ham uyushtirilib, taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi qizgʻin tadbirlarga aylanib ketdi. Shu kuni partiya ramzi tushirilgan logotip, bayroqlar miting ishtirokchilari qoʻlida baland hilpiradi. Mazkur miting va unda kechgan jarayonlar barcha yigʻilganlar qalbidan chuqur joy egalladi.
Mehriniso BOBONAZAROVA,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Sirdaryo viloyati kengashi
matbuot kotibi