Missionerlarning buzuq gʻoyalaridan yoshlarni asraylik
Prozelitizim – boshqa bir dinga ishongan fuqaroni oʻz dinidan voz kechishiga va oʻzga dinni qabul qilishiga qaratilgan harakatdir.
Prozelitizim – boshqa bir dinga ishongan fuqaroni oʻz dinidan voz kechishiga va oʻzga dinni qabul qilishiga qaratilgan harakatdir.
Missionerlik toʻgʻrisida gap ketganda, uning tarkibiy qismi hisoblangan prozelitizm toʻgʻrisidagi baʼzi maʼlumotlarni bilib olish lozim.
Missionerlik aʼzolari boshqa dinga eʼtiqod qiluvchi odamga hech qachon oʻz dinini ustun qoʻyib, boshqaning dinini kamsitishdan gap boshlamaydi. Balki, oʻz dini bilan uning dini oʻrtasidagi oʻxshashliklarga toʻxtaladi. Masalan, “Iso paygʻambar Islomda ham paygʻambar sifatida tan olinadi”, deydi. Soʻngra, Iso (a.s) buyukligi, Qurʼonning bir nechta oyatlarida ham zikr etilganligini aytib, Injildagi misollar bilan boyitadi.
Bundan tashqari, missionerlar oʻzlarini kitoblarida ayrim Qurʼoni karim oyatlarini ham keltirib, maqsadlari yoʻlida xizmat qildirmoqchi boʻladi. Bu holatni oʻzbek tilida chop qilingan kitoblarda ham kuzatish mumkin.
Missionerlik bilan shugʻullanuvchi sektalarning maqsadlari koʻpmillatli jamiyatimizda diniy bagʻrikenglik, oʻzaro inoqlik va tinchlikka zarar yetkazishdir.
Tarixdan maʼlumki, missionerlar xuddi shu yoʻl bilan bir necha davlatlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotini izdan chiqardi. Yaxlit bir xalq va millatni parokandalikka olib kelib, ularni guruh va tabaqalarga boʻlib yuborish ularning asosiy maqsadidir. Oqibatda, xalqlarning asrlar osha shakllanib kelgan milliy va diniy qadriyatlari oyoqosti boʻlishiga va nihoyat, yoʻqolib ketishiga olib keldi.
Masalan, Indoneziyada harakat qilgan missionerlar yigirma besh yil mobaynida minglab odamlarni oʻz tomonlariga ogʻdirib olishdi va oxir oqibat ular yashayotgan Sharqiy Timorni mamlakatdan ajratdi. Xuddi shunday gʻarazli uslub Sudan mamlakatining janubini, yaʼni Darfur viloyatini ajratib olishda ham qoʻllanilgan.
Missionerlar Islom ahkomlarini buzib koʻrsatish, Qurʼon oyatlarini bir-biriga qarama-qarshi qoʻyish, Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam hadislarini notoʻgʻri talqin qilish kabi dinimizga mutlaqo xos boʻlmagan, oʻta pastkash uslublardan ham keng foydalanib kelishmoqda. Afsuski, koʻp yoshlarning eʼtiborsizligi, befarqligi ularning qabih niyatlarini amalga oshirishda juda qoʻl kelmoqda.
Bugungi axborot asrida – missionerlar gʻarazli niyatlarini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalaridan ham keng foydalanmoqda. Oʻzlarining missionerlik gʻoyalarini targʻib qiluvchi risola, jurnal va matnlar mahalliy tillarga tarjima qilinib, aholi oʻrtasida tekin tarqatiladi. Sunʼiy yoʻldosh orqali uzatiladigan oʻnlab telekoʻrsatuvlari, radio eshittirishlari, internet sahifalari orqali keng targʻibot-tashviqot ishlari olib borilishi natijasida dunyoda missionerlik harakatlari keng yoyilishiga sabab boʻlayotir.
Ming afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz moʻmaygina daromad topish maqsadida oʻz kindik qonlari toʻkilgan yurtdan uzoqlashib, olis va notanish yurtlarga borib, oqibatda ularning aksariyati aynan missionerlarning tuzogʻiga tushmoqda. Boshqa eʼtiqod, boshqa mentalitet vakillari orasida yashagan yoshlarimiz oʻz milliy maʼnaviyatlaridan uzilib, oʻzgalarning ruhiy-maʼnaviy taʼsiriga tushib qolmoqda. Hali imon-eʼtiqodi shakllanib ulgurmagan yoshlarni bunday buzuq gʻoyalardan asrash – bugungi kunimizning eng muhim masalalaridan biridir.
Aminjon ISMOILOV,
Sirdaryo tuman bosh imom-xatibi