Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Misrlik investor G‘allaorolda qand lavlagi yetishtiradi
19:13 / 2023-06-02

Olis Afrika qit’asida joylashgan Misr Arab davlatining nufuzli “Orascom Investment Holding” kompaniyasi Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani dalalarida qand lavlagi yetishtirish va undan shakar ishlab chiqarish borasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 29 may kuni Misr davlatining nufuzli “Orascom Investment Holding” kompaniyasi raisi, janob Najib Savirisni qabul qilib, uchrashuv chog‘ida afrikalik investorning ikki tomonlama manfaatli yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalari ko‘rib chiqilgan edi.  

Ushbu ikki tomonlama manfaatli muloqotda, kompaniya oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish va metall konlarini o‘zlashtirish, zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish va boshqarish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan ushbu har tomonlama manfaatli uchrashuvdan so‘ng janob Najib Saviris boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘ldi. Vazirlikda o‘tgan uchrashuvda Misr investitsiyalari ishtirokida O‘zbekistonda qand lavlagini yetishtirish va shakar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.  

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan 2022 yil davomida mamlakatimizga umumiy qiymati 2 milliard 200 million AQSH dollariga teng kundalik oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan bo‘lib, uning asosiy qismini go‘sht va don mahsulotlari, kungaboqar yog‘i hamda shakar tashkil etganini ta’kidlab o‘tish joiz.  

Mazkur hamkorlik loyihasi uchun Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani hamda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yer maydonlari bilan tanishish taklif etildi. “Orascom Investment Holding” kompaniyasi vakillari loyihaning dastlabki fazasida taxminan 200-300 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi, 30-50 ming gektar yer maydonida qand lavlagi yetishtirilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.  

E’tiborlisi, “Orascom Investment Holding” kompaniyasi G‘allaorol tumani dalalarida qand lavlagi yetishtirish bilan cheklanibgina qolmay, ushbu qandga boy mahsulotdan shakar ishlab chiqarish borasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.  

A.QAYUMOV, O‘zA.