Misrdagi Xurgada sohilida yana akula paydo bo‘ldi
Misr hukumati Qizil dengizdagi mashhur Xurgada kurortida akula paydo bo‘lgani haqidagi xabar ortidan zarur choralar ko‘rishga kirishdi, deb yozdi “Al Masry Al Youm” gazetasi.
Nashr qayd etishicha, kuni kecha Al-Guna tumanidagi Ab-u Minkar oroli yaqinida akula ko‘ringan. Qo‘riqxona boshqarmasi yovvoyi jonivorga qarshi kurashish chorasini ko‘ra boshladi. Hududdagi cho‘milish joyiga bormoqchi bo‘lganlar hushyorlikka chaqirildi.
2023-yil iyun oyida aynan Xurgadada akula hujumi natijasida rossiyalik sayyoh halok bo‘lgan. Sentyabr o‘rtalarida esa Misr atrof-muhit vazirligi Sinay yarim orolidagi Dahob shahri sohilida mahalliy aholi vakili ham akuladan jabr ko‘rganini ma’lum qilgan.