Misrda qadimgi maqbaralar topildi
Misrning Asvon shahri yaqinida joylashgan Qubbat al-Hova dahmasi hududida arxeologlar miloddan avvalgi 2649-2150-yillarga mansub qoyali maqbaralar majmuasini aniqladi.
Mamlakat Qadimiy yodgorliklar oliy kengashi vakili Hishom Al-Laysiy ma’lum qilishicha, ikki dahma ichidan qariyb 160 sopol idish topilgan. Buyumlarning ayrimlarida qadimgi misr kursiv yozuvi — iyeratik xatda bitilgan so‘zlar yaxshi saqlangan.
Olimlar fikricha, bu idishlar suyuqlik va don mahsulotlarini saqlashda ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, majmuaning tashqi hovlisidan bronza ko‘zgu, quyma idishlar, marjon donalari, turli tumorlar va boshqa qimmatli buyumlar ham topilgan.
Tadqiqotchilar ushbu artefaktlarning ko‘pi O‘rta podsholik davriga taalluqli ekanini ta’kidlamoqda.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA