Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Misrda bo‘lib o‘tgan xalqaro festivalda "Yangi O‘zbekiston" g‘oyasi taqdimoti o‘tkazildi
19:16 / 2026-01-14

Misrning Qohira shahrida joylashgan “Al Galaa” majmuasida “Pakistan International School Cairo” (PISC) tashabbusi bilan o‘tkazilgan 44-an’anaviy xalqaro festivalda O‘zbekiston delegatsiyasi ilk marotaba qatnashdi.

Qohirada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Misrning rasmiy idoralari va ishbilarmon doiralari ishtirok etgan ushbu tadbir mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda o‘zini namoyon etish imkonini berdi. Anjuman doirasida yurtimizning boy madaniy-tarixiy merosi, sayyohlik imkoniyatlari hamda “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasiga oid taqdimotlar o‘tkazildi.

Festivalda Turizm qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan maxsus videomateriallar ham namoyish etildi. Lavhalarda Buyuk Ipak yo‘li merosi, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar, shuningdek, mamlakatimizda jadal taraqqiy etayotgan gastronomik, ziyorat va madaniy turizm yo‘nalishlari yoritib berilgan.

Elchixonamiz xabariga ko‘ra, tashrif buyuruvchilar bilan bevosita muloqot qilindi. Madaniy dastur doirasida o‘zbek milliy raqslari ham ijro etildi. Ushbu chiqish O‘zbekiston xalqi an’analari, nafosati va o‘ziga xosligini xalqaro jamoatchilikka yaqqol namoyon etdi.

PISC direktori Sayyid Buxoriy O‘zbekiston delegatsiyasining tadbirdagi ishtirokiga ijobiy baho berdi. U mamlakatimizning madaniy merosi va turistik salohiyati Yaqin Sharq hamda Afrika davlatlaridan sayyohlar oqimini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA