Misr ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga rasmiy tashrifini keng sharhlayapti. Mamlakatdagi yetakchi kundalik nashrlardan biri – “Al-Jumhuriya” gazetasi sahifasida chop etilgan Muhammad Tal’at qalamiga mansub “Toshkentdan Qohiraga” sarlavhali maqolada O‘zbekiston-Misr sammiti doirasida Prezident Abdulfattoh As-Sisi bilan muzokaraning ikkinchi davrasi bo‘lib o‘tishi qalamga olingan. Qayd etilganidek, As-Sisining 2018 yildagi O‘zbekistonga tashrifidan buyon o‘zaro munosabat yangi bosqichga ko‘tarilib, izchil rivojlanib bormoqda.
Maqolada o‘zbek xalqi Misrning madaniy-tarixiy merosiga, ushbu mamlakatning mintaqaviy va xalqaro maydonda tutgan o‘rniga katta hurmat bilan yondashishi alohida ta’kidlangan.
– Xalqlarimizni ko‘p asrlik tarixiy, madaniy va diniy rishta bog‘lab turadi, – deb yozadi nashr. – O‘zbekiston hududida tug‘ilib, voyaga yetgan buyuk allomalar Misrda yashab, ilm-fanning turli sohalarida jahon ahamiyatiga molik kashfiyotlar qilgan. Ahmad Al-Farg‘oniy tomonidan 861 yil Nil daryosi suv sathini o‘lchaydigan inshoot “Miqyosi Nil”, Sayfiddin O‘zbek Al-Yusufiy tomonidan Qohirada barpo etilgan “O‘zbek bog‘i” o‘zaro bog‘liqlikning yorqin namunasidir.
Materialda yozilishicha, O‘zbekiston uchun Misr Afrika bozoriga, O‘zbekiston esa Misr uchun Markaziy Osiyo bozoriga kirish eshigidir.
– Prezident Abdulfattoh as-Sisi boshchiligida Misr ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan iqtisodiy va siyosiy islohotlar izchil davom ettirilib, ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda, – deydi muallif Muhammad Tal’at. – Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonni bunyod etayotgan bo‘lsa, Abdulfattoh As-Sisi Yangi Respublikani yaratmoqda. Munosabatimiz hamkorlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan.
Jurnalist Fotima Badaviy yozgan, “Al-Xabar Al-Yaum” axborot agentligi saytida joylashtirilgan maxsus tahliliy maqola so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston tashqi siyosatida yuz bergan tub o‘zgarishlar haqida ma’lumot beradi.
– O‘zbekiston tashqi siyosatidagi yorqin voqealardan biri – Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabat yanada jadallashgani mintaqadagi umumiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, – deb yozadi muallif. – O‘zbekiston tashabbusi bilan keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan ko‘plab oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Muloqotlar natijasi o‘laroq, 2016 yilgacha mavjud bo‘lgan eng murakkab muammolar, birinchi navbatda davlat chegarasini demarkatsiya qilish, transchegaraviy suvdan foydalanish kabi masalalarni hal etish imkoni paydo bo‘ldi.
Maqolada urg‘ulanganidek, so‘nggi davrda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik jadal tus oldi. Tovar ayirboshlashni AQSH dollari hisobida Qozog‘iston bilan 10 milliard, Qirg‘iziston bilan 2 milliard, Tojikiston va Turkmaniston bilan esa 1 milliardga yetkazish rejasi mintaqada foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligidan dalolat.
Misrning yetakchi bosma nashrlaridan yana biri – “Sada Al-Balad” gazetasi internet tarmog‘ida joylashtirilgan maqola O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan. Muallif mamlakatimizda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat, elat vakillari 16 konfessiyani tashkil qilishini, ularning bari o‘z milliy urf-odati, an’anasi va madaniyatini avaylab-asrash, rivojlantirish imkoniga ega ekanini, jamiyat jipsligi zamirida O‘zbekiston hududida yashovchi xalqlar madaniyatining uyg‘unligi mujassamligini yozadi.
Gazeta sahifasida chop etilgan materialda esa O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy, Termizda Imom Termiziy nomli Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan. Turli hududlarda kalom, hadis, islom huquqi, ilohiyot va tasavvuf ilmini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan ilmiy maktablar ochilgani ham qalamga olingan.
– Bundan tashqari mamlakatda nasroniylar markazi, xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi va boshqa diniy tashkilotlar ham faoliyat ko‘rsatmoqda, – deb yozadi manba.
Misr gazetasida O‘zbekistonda qator diniy ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatayotganini ham ma’lum qilinar ekan, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Toshkent pravoslav diniy seminariyasi va boshqa muassasalar sanab o‘tilgan. Maqola intihosida “Ushbu muassasalar ilm-fan va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ajdodlarning boy ma’naviy merosini o‘rganishni yuksaltirish, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, diniy e’tiqod va vijdon erkinligi, bag‘rikenglik va o‘zaro hamjihatlik, ma’rifat va targ‘ibot-tashviqot ishlarini yuksaltirish hamda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan”i qayd etiladi.
Umuman, so‘nggi kunlarda Misr OAVda e’lon qilinayotgan O‘zbekiston Prezidenti tashrifiga bag‘ishlangan turkum tahliliy materiallarda bo‘lajak O‘zbekiston-Misr oliy darajadagi sammiti ikki tomonlama munosabatda yangi sahifa ochishi, xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatiga xizmat qilishi alohida ta’kidlanmoqda.
O‘zA