Sirli olam
<iframe width="1326" height="746" src="https://www.youtube.com/embed/GCtAr5ATLgI" title="Sirli olam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tarix sahifalarida doimo sir-sinoat bilan o‘ralgan, javobidan ko‘ra savollari ko‘proq bo‘lgan topilmalar bo‘lgan. Ularning ba’zilari o‘ta xavfli sirli kuchning timsoli bo‘lishi mumkin. Bugun Misr malikasiga tegishli ekani aytiladigan qadimiy marjon haqida gaplashamiz.
1909-yilda Britaniyalik mashhur arxeolog Charlz Vilington boshchiligidagi guruh Qadimgi Misrdagi qazishmalar chog‘ida noma’lum zodagon ayolning qabrini ochadi. Qabr ichidan juda go‘zal, mayda qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan marjon topiladi. Arxeologlar marjonning noan’anaviy dizayni, undagi belgilarning g‘alatiligi va u bilan birga ko‘milgan ayol jasadining atrofidagi sirli yozuvlarga e’tibor qaratishadi. Mahalliy aholi bu marjonning la’natlanganini, unga tegmaslik kerakligini aytishadi. Ammo ilmga chanqoq arxeologlar bunga parvo qilmaydi.
Marjon topilganidan keyin bir necha oy ichida Charlz Vilingtonning hamkori to‘satdan yurak xurujidan vafot etadi. Oradan ko‘p o‘tmay, yana bir arxeolog o‘z uyida sirli yong‘in qurboni bo‘ladi. Uchinchi a’zo esa sayohat vaqtida poyezddan tushayotib boshi bilan beton ustunga urilib, voqea joyida jon beradi. Bularning bari tasodifmi? Yoki bu sirli marjonning la’natimi?
Bu voqealar ommaviy axborot vositalarida “fir’avn la’nati” nomi ostida tarqaladi. Ayniqsa, marjon aynan Nefertiti yoki unga yaqin davr malikalaridan biriga tegishli bo‘lgani haqida taxminlar paydo bo‘lgach, odamlar qo‘rquv bilan bu buyumga qiziqa boshlashadi.
1922-yilda marjon London muzeylaridan birida namoyish qilinadi. Lekin ko‘rgazma ochilgan kundan boshlab g‘alati hodisalar ro‘y bera boshlaydi: elektr tarmog‘i uziladi, eksponatlar o‘z-o‘zidan siljiydi, xodimlardan biri hushini yo‘qotadi. Bu holat ko‘p odamlar orasida vahima uyg‘otadi. Natijada muzey rahbariyati marjonni ommadan yashirishga qaror qiladi va uni maxsus himoyalangan seyfga joylaydi.
Bugungi kunda marjon Londondagi maxfiy fond arxivlaridan birida saqlanayotgani aytiladi. Rasmiylar bu haqda aniq izoh bermaydi. Ba’zilar u allaqachon yo‘q qilingan deb hisoblaydi, boshqalar esa u hozirgacha yashirin tadqiqotlarda foydalanilayotganini aytishadi.
Marjon bilan bog‘liq o‘limlar va hodisalar rostdan ham uning la’natiga aloqador bo‘lganmi yoki bularning barchasi shunchaki tasodifmi? Ba’zi olimlar marjonda qadimiy radioaktiv moddalar izlari bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytadi. Boshqalar esa bu voqealarni psixologik ta’sir, o‘zini o‘zi ishontirish bilan izohlashga harakat qiladi.
Ammo bitta haqiqat shuki: bu marjon qayerda bo‘lmasin, u haqida gapirilganda ham odamlar yuragida bir oz xavotir, bir oz qiziqish va ko‘p savollar paydo bo‘ladi.
Iroda Jo‘rayeva, Iskandar Ismatov, O‘zA