Joriy yilning 23 fevralida poytaxtimizda Misrning «SOLYPHAR» kompaniyasi bilan “Tabletkalar, qattiq jelatinli kapsulalar va dozalangan kukunlar shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama hamkorlik bitimini imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan edi.
Ushbu kelishuvga binoan, Toshkent viloyati hokimining tegishli buyrug‘i bilan, "Bo‘stonliq-farm" erkin iqtisodiy zonasidan «SOLYPHAR» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha uchun 8 gektar yer ajratildi.
Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi korxona zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMR talablariga javob beradi.
Mazkur loyiha 2021-2024 yillarda uch bosqichda amalga oshiriladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 500 million dona tabletka, 200 million dona kapsula va 10 million dona sasheni tashkil etib, jami 120 dan ortiq dori turlari ishlab chiqariladi.
"Bo‘stonliq-farm" hududida barpo etiladigan yangi korxona qiymati 20 million dollardan iborat bo‘lib, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA