Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mish-mish va yolg‘on xabarlarga ishonmang
07:34 / 2021-06-15

Ipakchilik mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri sanaladi. Davlat tomonidan sohaga berilayotgan e’tibor va ko‘makdan oqilona foydalanayotgan klasterlar ipakchilik sohasida salmoqli natijalarga erishmoqda.

Joylarda pillakorlar uchun barcha shart-sharoit yaratilyapti. Pilla boquvchi oilalarga tut plantatsiyalari biriktirilyapti, tut o‘stirish uchun yer ajratilganlarga bepul tut ko‘chatlari tarqatilyapti. Tut qator oralariga sabzavot ekish yoki bog‘ tashkil qilish uchun imkoniyat taqdim etilyapti.

Ipak qurti boqayotgan oilani klaster yoki fermer xo‘jaligi urug‘dan tashqari maxsus qog‘oz, dezinfeksiya vositalari, xona harorati va namligini muntazam o‘lchab turish uchun termometr va psixrometr asboblari bilan ta’minlayapti. Pilla boquvchilar bilan tuzilgan ichki mehnat shartnomasida, tabiiyki, ana shunday chiqimlar ham hisobga olingan.

Fermer xo‘jaligi bilan ipak qurti boquvchisi o‘rtasida tuzilgan ichki mehnat shartnomasining 4-bandida “boquvchi” “xo‘jalik”ka ushbu shartnomada ko‘rsatilgan o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida yetkazib berilmagan mahsulot qiymatining 30 foizi mikdorida jarima to‘lashi belgilangan. Shartnoma taraflar roziligi bilan imzolangan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida bu tabiiy holat hisoblanadi. Chunki ish beruvchi oldindan qilgan sarf-xarajatini pilla hosilidan chiqarib oladi. Shartnoma taraflarning manfaatlarini ifoda etuvchi huquqiy hujjat hisoblanadi.

Biroq pilla boqish bahonasida yer, turli zaruriy vositalar olgan, lekin bergan va’dasining ustidan chiqmay, pillachilik mehnatidan qochib, mo‘may va oson daromad ortidan quvgan insonlar ham yo‘q emas.

Pillachilik va qorako‘lchilik qo‘mitasi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda pilla o‘rniga pul topshirilayotgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Aslida ayrim pilla boquvchilar shartnomada belgilangan hosilni topshirmagani uchun jarima to‘lamoqda.

Pillachilik va qorako‘lchilik qo‘mitasi keng jamoatchilikni ayrim ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ana shunday mish-mishu yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka chaqiradi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA