Termiz shahrida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 75 nafar o‘g‘il-qiz o‘zaro bahslashdi.
– Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil 18 yanvardagi “Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tashkil etilgan tanlovning tuman, shahar bosqichlari fevral-mart oylarida o‘tkazildi, – deydi viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Kichkilov. – Viloyat bosqichini aprel va mamlakat bosqichini may oyida o‘tkazish belgilangan. Ko‘rik-tanlovning tuman, shahar bosqichining besh nafar g‘olibi bazaviy hisoblash miqdorining besh, viloyat bosqichida g‘olib chiqqan besh nafar ishtirokchi o‘n va respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 100 nafar qatnashchi 20 baravar miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.


Viloyatda joriy yilgi ko‘rik-tanlovda 1 ming 745 nafar yoshlar qatnashish istagini bildirgan. Ularning quyi sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 253 nafari tuman va shahar bosqichlarida o‘z intellektual salohiyatini namoyon etdi. Baholash komissiyasi xulosasiga ko‘ra, har bir hududdan 5 nafardan ishtirokchi g‘olib deb topilib, viloyat bosqichiga 16-25 yoshgacha bo‘lgan 75 nafar o‘g‘il-qiz yo‘llanma oldi.
Yakunda eng yaxshi ixtiro, g‘oya va ishlanmalari taqdimotini o‘tkazgan 20 nafar yigit-qiz mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritib, maxsus sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.



Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri