Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan nogironligi bo‘lgan erkaklar “Muruvvat” internat uyining to‘liq rekonstruksiya qilingan 3 qavatli binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida so‘z olganlar respublikamizdagi barcha «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining Bojxona qo‘mitasiga biriktirilgani vasiylikka olingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Tegishli qaror ijrosi doirasida ushbu “Muruvvat” uyida ham bojxona organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida muassasa bloklaridan biri butunlay ta’mirtalab holatda ekani, kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani, bino va yo‘laklarning noqulay joylashuvi aniqlangan edi.
Qisqa muddatda ushbu blok mukammal ta’mirlandi, yangi zamonaviy lift o‘rnatildi, elektr va ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasi qaytadan bunyod etildi, atrof obodonlashtirilib, quyosh panellari asosida yoritish tizimi zamonaviy holga keltirildi.
Shuningdek, 38 turdagi mebel, maishiy texnika buyumlari, funksional krovatlar va boshqa zaruriy anjomlar bilan ta’minlandi.
Bojxonachilar tashabbusi bilan muassasaga 10 dona zamonaviy tikuv mashinalari taqdim etildi. Endilikda ushbu mo‘’jaz tikuv sehi muassasada istiqomat qiluvchi shaxslarning ehtiyoji uchun xizmat qiladi.
Tantanali tadbir doirasida muassasada vasiylikki olingan shaxslar o‘rtasida tashkil qilingan sport musobaqalarining g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
So‘ngra ramziy lenta qirqilib, muassasa tantanali ravishda ochildi. Tadbir badiiy ijodkorlarning konsert dasturiga ulanib ketdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA