French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzo Ulugʻbek nega Dashti Qipchoqqa qilgan yurishini toʻxtatgan edi?
08:01 / 2020-10-22

Vatanimiz tarixidagi 22-oktabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

Kun tarixi 

Vatanimiz tarixidagi 22-oktabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

1419-yil (bundan 601 yil oldin) – Mirzo Ulugʻbek Dashti Qipchoq oʻzbeklariga qarshi yurushini toʻxtatib, Samarqandga qaytib keldi. Oʻsha yilning mayida Oltin Oʻrda xoni Oʻrusxonning nabirasi, Oq Oʻrda shahzodasi Baroqxon Ulugʻbek qoshiga yordam soʻrab kelgan edi. Ulugʻbek unga yetarli askar berib, oʻz yurtiga yubordi. Oʻzi esa Samarqandda oʻz dorugʻasini qoldirib, Movarounnahrning asosiy harbiy kuchlari bilan uning ortidan bordi.

Tarixchi olim Ashraf Ahmedovning qayd etishicha, lashkar Samarqanddan avgustning oxirlarida chiqdi. 5-sentabr kuni Chinoz yaqinida Sirdaryodan oʻtdi va Toshkentdan uzoq boʻlmagan Burloq mavzesiga yetganida oʻzbek qoʻshinlari tarqalganligi haqida xabar keldi. Shu sababli yurishni toʻxtatib, 22-oktabr kuni Samarqandga qaytib keldi. Chunki Baroq Ulugʻbekdan olgan yordamchi kuchning oʻzi bilan Movarounnahr asosiy kuchlarining ishtirokisiz oʻz maqsadiga erishib boʻlgan edi.

1910-yil (bundan 110 yil oldin) – infeksionist olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi Isʼhoq Musaboyev tavallud topdi. U 1990-yilda Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati boʻlgan.

1992-yil (bundan 28 yil oldin) – Toshkentda Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasining birinchi taʼsis konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, yurtimizda mahallalar koʻp ming yillik tarixga ega. Narshaxiy oʻzining “Buxoro tarixi” asarida Buxoroda bundan 1100-yil ilgari bir qancha mahallalar boʻlganini qayd etgan. Alisher Navoiy oʻzining “Hayrat ul-abror” asarida mahallani “mahalla shahar ichidagi shaharcha”dir deb taʼriflagan. Mahallalar, ayniqsa, Amir Temur davrida ravnaq topgan.

1992-yil (bundan 28 yil oldin) – Latviya Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetini tan oldi.

1998-yil (bundan 22 yil oldin) – Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Livan Respublikasi oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatish toʻgʻrisida ikki davlat elchilari qoʻshma axborot imzoladilar.

2017-yil (bundan 3 yil oldin) – Buxoroda “Buxoro shahri kuni” festivali doirasida “Koʻhna va boqiy Buxoro” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Buxoroning “Boqiy va navqiron Buxoro”, “Buxoroi Sharif”, “Tangri sayqal bergan shahar”, “Madinat-ut-tujjor”, “Ilmlar maskani” kabi oʻnlab nomlar bilan atalishi aytib oʻtildi.

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi