Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzapo‘lat Toshpo‘latov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
16:42 / 2025-09-22

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a’zosi, taniqli adib va kinodramaturg Mirzapo‘lat Toshpo‘latov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv hamda muallifning “Oyni axtarayotgan bola” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Anjumanga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, adabiyot ixlosmandlari, talaba-yoshlar taklif etildi. 

Muloqot davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yozuvchi va shoirlar mudom xalq dardu tashvishlari bilan yashaydigan insonlar, bu borada adib va dramaturg Mirzapo‘lat Toshpo‘latov oldingi safdagi ijodkor ekanini e’tirof etdi. 

– Mirzapo‘lat aka milliy adabiyotimiz karvonida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan ijodkor sifatida qadrli, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Adib ko‘pchilik ijodkorlarga o‘z akasidek qadrdonlarcha munosabatda bo‘lgan, hamisha to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan, yomonliklardan qaytargan insondir. Mirzapo‘lat aka kamtar, kamsuqum, zahmatkash, mehnatkash ijodkor sifatida adabiyot muxlislarining mehrini qozongan. Bugungi yangilanish jarayonlarida Prezidentimiz tomonidan kitobxonlikka, adabiyot rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni damda kitobxonlik, milliy adabiyotimiz ravnaqida Mirzapo‘lat akadek insonlarning hissasi katta. 

– Mirzapo‘latning asarlarida hayotiylik, odamiylik ustuvor, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir, tarjimon Tohir Qahhor. – Hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali filmlar tomosha qilishga qiziqish kuchli. Tohir Malikning “Shaytanat” filmidan keyin, Mirzapo‘lat Toshpo‘latovning “Zanjir” nomli filmi eng ko‘p tomosha qilingan filmlar sirasiga kiradi. Bu ham yozuvchining xalqqa yaqinligidan darak beradi. 

Taniqli adabiyotshunos olim Abdulla Ulug‘ovning fikricha, 1976 yili “Guliston” jurnalida e’lon qilingan “Sodiq” hikoyasi bilan adabiyot maydoniga qadam qo‘ygan Mirzapo‘lat Toshpo‘latovning ham hikoya, qissa, kinossenariylari u ijtimoiy turmush voqeligi va tabiat hodisalarini yaxshi bilishi, insonning fe’l-atvorini nozik his qilishini yaqqol ko‘rsatib turadi. Uning “Sanam tog‘idagi gulxan”, “Qiztepa”, “Hojiqayliq” kabi asarlari ko‘hna o‘tmishning ko‘p haqiqatlarini anglashga yetaklasa, “Tonggi farishta”, “Zanjir yoxud o‘ta maxfiy daftar”, “Oyni axtarayotgan bola” qissalari, “Ro‘molcha”, “Yurakdagi sir”, “Gulga tutash qalb” hikoyalari zamondoshlarimizning sir-sinoatlarga to‘la ichki dunyosini tushunishga yaqindan ko‘mak beradi. Ta’kidlash joizki, Mirzapo‘lat Toshpo‘latovning hikoya, qissalari badiiy fazilatlari jihatidan zamonaviy adabiy jarayon maydonida Tog‘ay Murod yoki Erkin A’zam asarlari singari alohida ajralib turmaydi. Ammo bu adib asarlarining eng asosiy va yoqimli alomatlaridan biri shuki, ularda personajlarning xatti-harakati, o‘y-kechinmalari, o‘zaro muomala-munosabati sodda, aniq, tushunarli tilda ifodalanadi. Muallifning tarixiy mavzudagi qissa, hikoyalari ham, zamonaviy hayot voqeligi ob’ekt qilib olingan asarlari ham an’anaviy uslubda bitilgan asarlar sirasiga kiradi. 

Mirzapo‘lat Toshpo‘latov 1952 yil 1 sentyabrda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Dashtu Fayzobod qishlog‘ida tug‘ilgan.

1976 yilda ToshDUning – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. «Yurakdagi sir» (1977), «Beorom to‘lqinlar» (1979), «Baxt yulduzi» (1989), «Oyni axtarayotgan bola» (1985), «Sanam tog‘idagi gulxan» (1991), «Saylanma» (2007) singari qissa va hikoyalardan iborat kitoblari nashr etilgan. 

Ustoz ijodkorning Asarlari asosida ko‘plab badiiy filmlar suratga olingan. «Olov qa’ridagi farishta», «Gunoh», «Tavba», «Muallif», «Zanjir», «Muzaffar» va boshqa filmlar shular jumlasidandir. 

Adabiy anjumanda Mirzapo‘lat Toshpo‘latov ijodi, yangi kitobi xususida adabiyotshunos olimlar, shoirlar, jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari batafsil so‘z yuritdi. San’atkorlar davraga yanada fayz bag‘ishladi. 

Nazokat Usmonova, Ahmadjon To‘rayev (suratlar), O‘zA