English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzapo‘lat Toshpo‘latov: ta’rifi — adib, unvoni — inson bo‘lgan yozuvchi (+video)
17:48 / 2025-09-23

"Adabiyot havasga kiriladigan shon-shuhrat bog‘chasi yoki shunchaki, ko‘p qatori bajarib yuriladigan kasb emas. Adabiyotga odam bir umr yongani kiradi. Har bir asarda bir lovillab yonmasa, yozuvchining bo‘lmagani ma’qul..." - degan edi atoqli shoir, nosir va dramaturg Asqad Muxtor.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi va kinodramaturg Mirzapo‘lat Toshpo‘latov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv hamda “Oyni axtarayotgan bola” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Taniqli yozuvchi va kinodramaturg Mirzapo‘lat Toshpo‘latov 1950 yilning 1 sentyabrida Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga qarashli Dashtu Fayziobod qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning ilk hikoyasi “Sodiq” “Guliston” jurnalida e’lon qilinganda jamoatchilik katta qiziqish bilan qarshi olgan.

Uning birinchi kitobi “Yurakdagi sir” nomi bilan chop etilgan. Shundan keyin adib qator asarlarini kitobxonlar hukmiga havola etadi. Uning turli yillarda “Beorom to‘lqinlar”, “Oyni axtarayotgan bola”, “Baxt yulduzi”, “Sanam tog‘idagi gulxan”, “Saylanma”, “Tonggi farishta”, “Sirli tuzoq”, “Odamlar”, “Bozor ichra bozor”, “Zanjir” nomli kitoblari chop etilgan. 

Mirzapo‘lat Toshpo‘latov nafaqat yozuvchi, balki kinossenariychi ham. Uning asarlari asosida “Olov qa’ridagi farishta” (1994), “Gunoh” (1995), “Tavba” (1996), “Muallim” (1999), “Zanjir” (2001), “Muzaffar” (2003), “Tonggi farishta” (2019), “Sadoqat sehri” (2018), “Tandir” singari badiiy filmlar suratga olingan.

Yozuvchining “Dunyo bozori”,“Ayollar saltanati” nomli pesalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan. U “O‘zbektelefilm” tomonidan suratga olingan Odil Yoqubov, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Ibrohim Rahim, Mirmuhsin, Oydin Hojiyeva kabi ijodkorlar haqidagi hujjatli filmlar muallifi.

Darhaqiqat, adabiyot jarayoni uzluksiz; qancha yozuvchi bo‘lsa shuncha usul; hayot murakkabliklarining mag‘zini hamma o‘zicha izlaydi, hamma o‘z yuragida qaynatadi, o‘z ilhomini, o‘z ehtirosini taqdim etadi. Ozgina so‘z aytish uchun u juda ko‘p bilishi, juda ko‘p ko‘rishi, voqealarni, biografiyalarni, faktlarni, hislarni, o‘ylarni, psixologiyani bilishi kerak. Muhandis yoki akademik bilishi shart bo‘lmagan sohalar bor. Yozuvchida esa bunday soha yo‘q. Yozuvchining hayot tajribasi, biografiyasi – oltin fond. Bu kabi tadbirlar o‘zbek adabiyoti fondini yanada boyitilishiga, yoshlarning adabiyotga nisbatan muhabbatini yanada yuksaltirishiga xizmat qiladi degan umiddamiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IeqfuLS3x7Y" title="Mirzapo‘lat Toshpo‘latov: ta’rifi — adib, unvoni — inson bo‘lgan yozuvchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev, O‘zA