So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakat iqtisodiy barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Bu jarayonda "Bir kontur – bir mahsulot" tamoyili resurslarni oqilona taqsimlash bilan birga, yoshlarning agrosanoat sohasida bilim va malakaga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani esa bu islohotlarning ilg‘or namunasi sifatida e’tirof etilmoqda. Joriy yilda Prezidentning 2024 yil 5 apreldagi "Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida 484 nafar yoshga 251 gektar yer maydoni ajratildi. Yoshlar bu yerlarda nafaqat mustaqil faoliyat boshlash imkoniga ega bo‘lmoqda, balki ilmiy-texnik ko‘mak va biznes ko‘nikmalari bilan ham ta’minlanmoqda. Bu esa ularga iqtisodiy mustaqillik va samarali fermerlik yo‘lini ochib bermoqda.

Mirzaobodlik yoshlar qovunning "Oq urug‘", "Obinovvot", "Chillaki", "Bosvoldi", "Ko‘kcha", "Amri" kabi bozorbop navlari hamda sholining "Alanga", "Lazer", "Avangard" navlarini ekishmoqda. Bu mahalliy bozorda raqobatbardosh mahsulotlarning ko‘payishi va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

– Biz yoshlarga faqat yer taqdim etmaymiz, balki o‘ziga ishonch va keng kelajakni ham beramiz, – deydi tuman hokimining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Kenjayev. – Yoshlar agrotexnika, zamonaviy texnologiyalar va bozor mexanizmlari bo‘yicha muntazam o‘quvlarda qatnashmoqda. Endi ular yerga “Nima chiqar ekan?” deb emas, “Qanday qilib sifatli mahsulot yetishtirib, daromad olishim mumkin?” degan yondashuv bilan qaramoqda.
Bu yangicha yondashuv yoshlarni agrobiznes sohasida mustaqil tadbirkor sifatida shakllantirishda katta rol o‘ynamoqda. "Bir kontur – bir mahsulot" tamoyili asosida ishlash esa mahsulot sifatini oshirish, hosildorlikni yuksaltirish va bozor talablarini qondirishga imkon yaratadi.

Dehqonobod mahallasida yashovchi Najmiddin Abdualiyev 50 sotix yerda qovunning “Oq urug‘” navini ekib, o‘rta hisobda aytganda undan 150 sentner hosil olishni rejalashtirgan.
– Qovun yetishtirish men uchun faqat tirikchilik manbai emas, balki hayot tarzi va kelajakka ishonchdir, – deydi u. – Ilmiy yondashuv va onlayn platformalar orqali olgan bilimlarim bozor talablariga mos mahsulot tanlashda katta yordam beryapti.
M. Ulug‘bek mahallasida istiqomat qiluvchi Shohrux Hasanov esa 50 sotix yerda guruchning “Alanga” va “Avangard” navlarini ekib, 60–65 sentner hosil olishni maqsad qilgan.
– Sholi parvarishi mas’uliyat talab qiladi. Agar har bir bosqichni rejali va intizomli amalga oshirsangiz, yaxshi daromadga erishish mumkin, – deydi u. – Bunda tajribali dehqonlar va mutaxassislarning maslahati katta ahamiyatga ega.
Do‘ngariq mahallasidan Qurbonbek Qorabekov esa 35 sotix yerda 600 tup anor parvarish qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu anorlar 66 yillik tarixga ega.

– Otam Boybo‘ta bobo 1959 yilda Zomindan ko‘chib kelib, shu yerda bog‘ barpo etgan. Har tupdan 40–45 kilogramm anor hosil olamiz. Bu yili 20–25 tonna hosil deganidir, – deydi Qurbonbek bobo. – Anorchilik mening hayotim va avloddan avlodga o‘tadigan qadriyatdir.
Uning tajribasi yoshlarga amaliy namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Mahallada yoshlar qovun va anor yetishtirishni “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida rivojlantirmoqda.
Bu jarayonda xotin-qizlar ham faol ishtirok etmoqda. Ular yerda va uyda mehnat taqsimotini samarali tashkil etish, mahsulotni qayta ishlash va savdoga chiqarishda o‘z o‘rinlarini topmoqda. Bu esa oila iqtisodiyotini mustahkamlash bilan birga, mahalliy jamoalarning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga hissa qo‘shmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili Mirzaobodda qishloq xo‘jaligi sohasida samaradorlikni oshirish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va zamonaviy bilimlar bilan ta’minlashning asosiy mexanizmiga aylanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri