O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani Bahoriston mahallasi hududidagi ming gektar bo‘sh maydonda pavlovniya plantatsiyasini barpo etishga kirishildi.
Plantatsiyani barpo etish tadbirida Respublika energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov,Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev, sektorlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari va ko‘ngilli hasharchilar ishtirok etdi.

Energetika vaziri va viloyat hokimi o‘zlari pavloniya nihollari o‘tqazib, hasharchilarni ushbu xayrli ishga astoydil bosh qo‘shishga da’vat etdi.
–Kelgusida shu yerning o‘zida zavod qurib, voyaga yetgan daraxtlarni qayta ishlash orqali briket ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz,–dedi energetika vaziri.– Shuningdek, pavlovniya qator oralarini hududdagi ishsiz, kam ta’minlangan oilalarga bo‘lib berib, har tomonlama ko‘mak ko‘rsatib, ularning daromad olishiga ham shart-sharoit yaratib beramiz.

Hokimning aytishicha, ushbu plantatsiyani sug‘orish ishlarida to‘liq suv tejovchi texnologiyalardan foydalaniladi. Hozir qariyb 20 km masofadan suv tortib kelish ishlari yakuniy bosqichga yetib qoldi.
Ayni kunlarda plantatsiyada pavloniya nihollarini o‘tqazish ishlari jadal bormoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/koOLc7k6eIw" title="Мирзаободда павловния плантацияси барпо этилмоқда" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri