Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzaobodda har qadamda yangilanish va farovonlik ruhi sezilmoqda
23:15 / 2025-09-13

Qishloq xo‘jaligida qovun-anorlari, sanoatda esa yangi ishlab chiqarish mahsulotlari bilan tanilayotgan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumaniga yo‘lingiz tushsa, har qadamda qurilish jarayonlari, yirik investitsiya loyihalari, mahallalarda esa odamlarda umid uyg‘otgan mikroloyihalarni ko‘rasiz.

Tuman hokimi Abdurahim Umarov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida e’lon qilingan raqamlar avval qarashda oddiy statistikadek tuyulishi mumkin. Lekin ular ortida minglab insonlar taqdiri, yuzlab oilalarning barakali dasturxoni, yoshlarning ishga joylashishi va tadbirkorlik orqali hayotini o‘zgartirishi mujassam.

Sanoat hajmi 208,7 milliard so‘mga yetdi, o‘sish sur’ati esa 106,5 foizni tashkil etdi. Demak, Mirzaobodda yangi ishlab chiqarish quvvatlari ochilmoqda. Qishloq xo‘jaligida 657,6 milliard so‘mlik mahsulot yetishtirilgani esa xalq mehnati va yer samaradorligi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Tilimi tilni yorgudek qovunlari, yoqutdek tovlanguvchi anorlari bilan nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham tanilayotgan Mirzaobodda bu raqamlar zamirida tabiat barokati ham aks etgan.

Bir savol tug‘iladi: bu ko‘rsatkichlar oddiy odam hayotiga qanday ta’sir qiladi? Javob aniq. Faqat yarim yillikning o‘zida 7 699 nafar aholi ish bilan ta’minlandi. Ular orasida tadbirkorlikka bel bog‘laganlar, qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotganlar, qurilishda javlon urayotganlar  ham bor.  

Mahallalarda amalga oshirilayotgan mikroloyihalarni olaylik. Dastur bo‘yicha 334 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi, ammo amalda 395 tasi hayotga tatbiq etildi. Bu esa 790 ta yangi ish o‘rni, ya’ni 790 ta yangi imkoniyat demakdir.

Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 387 ta oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. 117 nafariga imtiyozli kredit berildi, 685 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Demak, davlat siyosati qog‘ozda emas, xalqning kundalik hayotida o‘z ifodasini topmoqda.

— Sarmoyadorlar qayerga pul tikadi? Faqat kelajagiga ishongan joyga, — deydi tuman hokimi. — Joriy yilda tumanda 82,6 million dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, yarim yillikdayoq 45,7 million dollar jalb etildi va reja 111,3 foizga bajarildi.

Bu raqamlar ortida yirik loyihalar bor: 20 million dollarlik to‘qimachilik klasteri, 5 million dollarlik parrandachilik kompleksi, gazoblok ishlab chiqarish korxonasi. Yaqinda “Navbahor” mahallasida  parrandachilik fabrikasi ishga tushirilib, 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Mirzaobod mahsulotlari xorij bozorlariga ham yo‘l olmoqda. Yilning birinchi yarim yilligida 4,8 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Uning 4,4 million dollari meva-sabzavot mahsulotlariga to‘g‘ri keldi. Eksport hajmi 109 foizga o‘sgani Mirzaobod mahsulotlari nafaqat ichki, balki tashqi bozor uchun ham raqobatbardosh ekanini anglatadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Mirzaobodning bugungi rivojlanish yo‘li — shunchaki raqamlar yig‘indisi emas. Unda dehqonning tirishqoqligi, tadbirkorning ishbilarmonligi, yoshlarning intilishi va davlat siyosatining amaliy ifodasi mujassam.

Savol tug‘iladi:  Mirzaobod yaqin kelajakda qanday ko‘rinishda  bo‘ladi? Agar bugungi sur’at saqlansa, tuman nafaqat Sirdaryo, balki mamlakat iqtisodiyotida ham muhim o‘rin egallashi shubhasiz.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri