Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzaobodda elektr tarmoqlari modernizatsiya qilindi
17:09 / 2025-11-04

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Bu tadbirlar nafaqat kuz-qish mavsumida uzilishlarning oldini olishga, balki aholi hayotida qulaylik va xavfsizlikni oshirishga ham xizmat qiladi.

–  Tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 2025–2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 101,3 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari hamda 38 ta transformator punktlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, mavjud uskunalarda texnik xizmat ko‘rsatish va joriy ta’mirlash ishlari ham amalga oshirildi, –  deydi Mirzaobod tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi Ikrom Norqo‘ziyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, modernizatsiya ishlari doirasida nafaqat mavjud tarmoqlar yangilandi, balki qator hududlarda yangi infratuzilma ham barpo etildi. Xususan, Prezidentimizning 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorining ijrosi doirasida tumandagi eng og‘ir ahvoldagi mahallalar — Bahoriston, Yo‘ldoshobod, Do‘ngariq, Tinchlik, M. Ulug‘bek va Yangi Hayotda 32,5 kilometr qo‘shimcha elektr uzatish tarmoqlari qurildi, 10 ta yangi transformator punktlari o‘rnatildi.

–  Mavsumiy tayyorgarlik faqat tarmoqlarni ta’mirlash bilan cheklanmaydi. Uzluksiz va barqaror elektr ta’minotini ta’minlash maqsadida xavfsizlik choralari, texnik xizmat ko‘rsatish va og‘ir hududlarga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi, bu jarayon izchil davom ettiriladi,  –  deya ta’kidladi  Ikrom Norqo‘ziyev.

Modernizatsiya ishlari yakunlanishi natijasida Mirzaobod tumani aholisi uchun barqaror va sifatli elektr ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining faoliyati yanada samarali tashkil etiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri