Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va fermerlar daromadini oshirish borasida Mirzaobod tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ilg‘or texnologiyalar, xalqaro hamkorlik va davlat dasturlari ijrosi asosida paxtachilik va baliqchilik sohalari rivojlanmoqda.
Yangi mavsumda tumandagi paxta dalalarida zamonaviy, xususan, Xitoy texnologiyasi asosidagi tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Bu yil 9500 gektar maydonda xorijiy navlar ekilib, suvni tejash bilan birga, hosildorlikni ham oshirishga erishildi. Eng yirik loyiha “Sirdaryo Jingo” va “Mirzacho‘l Agroklaster” xo‘jaliklari tomonidan amalga oshirildi. Ular Xitoyning “Peng-Sheng” MCHJ bilan hamkorlikda 7500 gektarda zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etgan. Qolgan 2000 gektarda esa magistral quvurlar, nasos stansiyalari va zarur infratuzilmalar barpo etilmoqda.
– Ilgarilari har tonna hosilning qiymati suv va yoqilg‘i xarajatlariga teng kelardi. Endi esa tomchilatib sug‘orish natijasida na suv isrof bo‘lyapti, na mablag‘, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sardor Saidumarov. – Hosildorlik keskin oshdi. Bu texnologiyaning amaldagi samarasidir.
Mazkur ishlar “Kambag‘allikdan farovonlik sari” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgani alohida e’tiborga loyiq. Dastur doirasida tumanda 9,6 kilometr lotok qurildi, 5,4 kilometr kanallar betonlashtirildi, 5 kilometr kollektor-drenaj tizimi tozalandi, 2 ta tik quduq qazildi. Ya’ni 15 kilometr infratuzilma ob’ektlari yangilanib, suv ta’minoti mustahkamlandi. Bu o‘z navbatida yerning unumdorligini oshiradi, fermer mehnati samaradorligini bir necha baravarga ko‘paytiradi.

Mirzaoboddagi innovatsion yutuqlar faqat sug‘orish tizimi bilan cheklanmaydi. Tumanda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, 81 nafar baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor o‘z xo‘jaliklarida umumiy quvvati 734 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatgan.
– Elektr energiyasi uchun xarajatlarimiz 30 foizga qisqardi. Quyosh panellari o‘zini 2–3 yilda to‘liq oqlaydi, – deydi “Adolatli madad agro” baliqchilik xo‘jaligi rahbari Nuriddin Egamberdiyev. – Eng muhimi tabiatga zarar yetkazilmaydi.
Mirzaobod tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qishloq xo‘jaligida tub o‘zgarishlar sug‘orishda tejamkorlik, energetikada “yashil” yechimlar va infratuzilmani modernizatsiya qilish bilan bog‘liq. Bu esa nafaqat yerni, balki odamlarni ham farovonlikka yetaklovchi asosiy yo‘l hisoblanadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, tuman agrosanoatida barqarorlik va samaradorlikka erishish, texnik yechimlar orqali hosilni ko‘paytirish, pirovardida odamlarning turmush tarzini yanada yaxshilash eng muhim vazifadir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri