Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzacho‘lda yangi bog‘cha ish boshladi
17:09 / 2021-09-15

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi “Paxtazor” shaharcha fuqarolar yig‘inida yangidan barpo etilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari ijrosi doirasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari aholi turmushi farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bu borada ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimidagi islohotlar kelajak avlod ta’lim-tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi.  

“Obod qishloq” davlat dasturi asosida 120 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Ulkan meros trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 3 milliard 20 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. 2 qavatli ushbu muassasaning umumiy maydoni 0,5 gektarni tashkil etib, ko‘mir va elektr bilan isitishga moslashtirilgan, individual qozonxona, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi uchun artizan quduq qurilib, har biri 1 tonnadan suv sig‘imiga ega 2 ta suv saqlagich o‘rnatildi.  

Muassasadagi 4 ta yosh guruhi uchun yotoq va o‘yin xonalari, 120 o‘rinli oshxona, musiqa va badiiy gimnastika zali, mo‘jazgina kutubxona, tibbiyot xonasi va ma’muriy xonalar qattiq va yumshoq mebellar, oshxona jihozlari, bolalar o‘yinchoqlari, sport inventarlari bilan jihozlangan.  

Maktabgacha ta’lim tashkiloti hovlisida 2 ta ayvon, ochiq sport maydonchasi barpo etildi. Bino hovlisida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, 20 tup archa, 20 tup mevali daraxt va rang-barang gul ko‘chatlari ekildi.  

– Muassasamizda 3 yoshli kichik, 4 yoshli o‘rta, 5 yoshli katta hamda 6 yoshli tayyorlov guruhlari faoliyatini boshladi, – deydi MTT rahbari Nodira Suyarova. – Bolajonlarimizga ta’lim-tarbiya “Ilk qadam” dasturi asosida olib boriladi. Avvalgi, butunlay yaroqsiz ahvolga kelib, faoliyati to‘xtatilgan 80 o‘rinli eski MTT binosidan bu yerga ko‘chib o‘tdik va qo‘shimcha 6 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Muassasamizda bolajonlarimizga malakali pedagoglar bilan bir qatorda iqtidorli yosh kadrlar ta’lim-tarbiya beradi. Ayni paytda bu yerda 26 tarbiyachi-xodim faoliyat olib boryapti.  

[gallery-3899]

Bundan tashqari, tarbiyalanuvchilar davlat MTT qoshida tashkil etilgan ingliz, rus tillari, musiqa, raqs, badiiy gimnastika va boshqa to‘garaklarda ham yetuk mutaxassislardan saboq olishi mumkin.  

Mirzacho‘l tumani bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi bo‘yicha viloyatda yetakchi o‘rinlarda turadi. Ayni paytda bu ko‘rsatgich tuman bo‘yicha 93,2 foizni tashkil etadi.  

– Tumanimizda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 3 ming 746 nafarni tashkil etib, shu bugungi kungacha 3 ming 490 nafari MTTlarga qamrab olingan, – deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Shoira Qo‘qonboyeva. – Ayni paytda tumanimizda 15 ta davlat, 2 ta davlat sherikchiligi va 27 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Shu yilning o‘zida yana 10 ta oilaviy MTT ochish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilyapti. Tumanimizdagi 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar joriy yilning oxirigacha 100 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinadi.  

 

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (suratlar), O‘zA