Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzacho‘lda chigit ekish bo‘yicha seminar
13:28 / 2025-03-18

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida plyonka ostiga chigit ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Seminarda plyonka ostiga chigit ekishning agrotexnik talablari va me’yorlari, texnikalar sozligi, chigitni bir tekis undirib olish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tushunchalar berildi.

Ko‘rgazmali amaliy seminarda so‘zga chiqqan Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev,  Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi  boshlig‘i Akmal Abdullayev va boshqalar ekish agrotexnologiyasi haqida o‘z tavsiya va takliflarini bildirdi.

Joriy yilda o‘tgan yilgidan salmoqliroq, ya’ni 11 ming gektar maydonda serhosil navlarni ekib, yuksak xirmon barpo etish maqsad qilinganligi ta’kidlandi.  

Buning uchun esa tumanda chigit ekishda qatnashishi rejalashtirilgan  225 dona chopiq traktori, 225 dona kultivator, 62 ta chigit ekish seyalkasi, shundan 12   tasi 76x10 sxemadagi qo‘shqator va  50 ta 76x10 sxemalik seyalka, 1372 dona tishli borona, 67 dona yer tekislagich va 50 dona chizel  chigit ekishga to‘liq tayyor holatga keltirilgani qayd etildi.  

– Joriy yil Mirzacho‘l tumanida yalpi maydonning 11 ming gektariga chigit ekishni rejalashtirganmiz va shundan jami 5610 gektar maydonga Xitoy texnologiyasi asosida chigit ekish ko‘zda tutilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Mirzacho‘l tuman bo‘limi boshlig‘i F.Rahmonov. – O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, joriy yilda ham Xitoy texnologiyasi asosida tumanimizda “Xin Lu Zao-57” navli urug‘lik chigitni  plyonka ostiga ekish nazarda tutilgan bo‘lib, bu navning o‘ziga xos ustuvorligi bor. Har gektar yerdan 65 sentnerdan hosil olishni rejalashtirayapmiz.

[gallery-22312]

Seminarda paxtachilik sohasiga ilmiy, innovatsion g‘oyalarni keng tatbiq etish bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga amaliy ko‘rsatmalar berilib, plyonka ostiga chigit ekish amaliyoti  namoyish etildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari