Yurtimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli ta’lim va mustahkam kasbiy tayanch berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 24 avgustda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida” gi Qonuni mazkur yo‘nalishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qonun ijrosi doirasida keyingi yillarda kasbiy ta’lim tizimi izchil isloh qilinib, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga mos mutaxassis sifatida tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonlarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Muhtaram Prezidentimizning 2025 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni asosida kasb-hunar kollejlari faoliyati tubdan yangilanib, zamonaviy texnikumlar shakliga o‘tkazildi.
— Shu farmonga muvofiq, muassasamiz kasb-hunar kollejidan 2-sonli Mirzacho‘l texnikumiga aylantirildi. Ayni paytda bu yerda 692 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Ularning 350 nafari kunduzgi, qolgan qismi esa dual ta’lim shaklida, ishlab chiqarish bilan uyg‘un holda bilim olmoqda, — deydi o‘quv muassasasi direktori Shoira Qo‘qonova.
Texnikumda ta’lim olayotgan yoshlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Turli hududlardan kelib o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun 50 o‘rinli yotoqxona mavjud bo‘lib, ular bepul turarjoy bilan ta’minlanadi. Shuningdek, zamonaviy o‘quv xonalari, laboratoriyalar, faollar zali, sport zali, stadion, boy kitob fondiga ega kutubxona hamda 50 o‘rinli oshxona yoshlar xizmatida.
E’tiborli jihati shundaki, texnikumda byudjetdan tashqari mablag‘ topish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Kulolchilik, tikuvchilik va fitnes klubi orqali tushayotgan mablag‘lar maqsadli yo‘naltirilib, o‘quvchilarga stipendiya, pedagog xodimlarga esa maosh ustamalari to‘lab berilmoqda. Bu esa ta’lim sifatini oshirish bilan birga, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Yoshlar bandligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Mirzacho‘l texnikumida amaliy natijalarga erishilgan.
— O‘tgan 2025 o‘quv yilida texnikumimizni bitirgan yoshlarning bandligi 100 foiz ta’minlandi. Bu Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuvlarda ta’kidlab kelayotgan “ta’lim — kasb — ish o‘rni” tamoyilining amaliy ifodasidir, — deydi Shoira Qo‘qonova.
Ayni paytda texnikumda 13 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Maktabgacha ta’lim tarbiyachilari va uslubchilari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, IT, kompyuter muhandisligi va dasturlash kabi zamonaviy yo‘nalishlar yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Shuningdek, nemis, ingliz, koreys va yapon tillari bo‘yicha tashkil etilgan kurslar hamda to‘rtta kasbiy to‘garak texnikum o‘quvchilari uchun mutlaqo bepul. Ushbu kurslarda tahsil olgan har bir til yo‘nalishidan o‘n nafardan o‘quvchi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Sertifikatlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplangan.
[gallery-27502]
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Qozog‘iston va Belarus Respublikasi bilan imzolangan memorandumlar asosida o‘quvchi va o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashuvi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda Qozog‘istonning uch nafar fuqarosi texnikumda dual ta’lim asosida tahsil olmoqda.
— Prezidentimiz yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratib bermoqda. Endi har bir o‘quvchi bu shart-sharoitdan unumli foydalanib, ta’lim olish bilan birga, kamida bitta chet tili va biror kasb-hunarni mukammal egallashi lozim. Biz bitiruvchilarimizni ana shunday — mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh kadr sifatida tarbiyalashni maqsad qilganmiz, — deydi texnikum direktori.
Bugun 2-sonli Mirzacho‘l texnikumida hayot qizg‘in. Bilimga chanqoq yoshlar bu yerda ta’lim olib, kasb o‘rganib, ertangi kuniga ishonch bilan qadam qo‘ymoqda. Bu esa yurtimizda yoshlar siyosatiga qaratilgan e’tiborning yaqqol amaliy samarasidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari