Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirzacho‘l bunyodkori
11:34 / 2023-05-07

Davlat va jamoat arbobi Qinabek Ukubayev tavalludining 110 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Qinabek Ukuboyev 1913 yilning 9 may kuni qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi, Turkiston viloyatining Paxtaorol tumanida tug‘ilgan. U mehnat faoliyatining dastlabki yillaridanoq Mirzacho‘l tumanidagi kolxozda paxtachilik brigadasining boshlig‘i, 1935-1936 yillarda Mirzacho‘l tuman ijroiya qo‘mitasining mas’ul xodimi, 1936-1943 yillarda «Qizilobod» va «Krestyanka» qishloq kengashlarining raisi bo‘lib xizmat qilgan.  

1961-1962 yillarda Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, 1962 yildan Mirzacho‘lga qaytib kelib, 1975 yilga qadar o‘zi tashkil qilib, asos solgan yirik 17-sovxozning direktori bo‘lgan. 1975-1988 yillarda Oqoltin tumanidagi «Mir» paxta tozalash zavodining direktori va «Sardoba» qishloq kengashining raisi lavozimlarida ishlagan. 1988 yilda «Cho‘lquvar» dehqon xo‘jaligini tashkil etib, hayotining so‘ngiga qadar unga rahbarlik qilgan. 1994 yilda «Sardoba» qo‘rg‘onida 81 yoshida vafot etgan.  

Tadbirda dastlab Mirzacho‘lni o‘zlashtirish va obod qilishga butun umrini bag‘ishlagan, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Mehnat Qahramoni Qinabek Ukuboyev byusti poyiga gulchambar qo‘yilib, xotirasiga hurmat bajo keltirildi.  

Shundan so‘ng Qinabek Ukuboyevning esdaliklari, orden, medallari hayot faoliyatidan so‘zlovchi fotosuratlar va kitoblari joy olgan «Xotira muzeyi»ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Qinabek Ukuboyevning Mirzacho‘lni o‘zlashtirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari haqida so‘z yuritdi. Mustaqillik davrida, ayniqsa so‘nggi yillarda xalqimizning aql-idroki va qahramonlarcha mehnati bilan gulistonga aylantirilgan Mirzacho‘lda hayot sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani, tub islohotlar natijasida Sirdaryo viloyati sanoatlashgan, obod va ko‘rkam o‘lkaga aylanib borayotganini ta’kidladi.  

Tadbir yakunida Qinabek Ukubayev hayoti haqida hikoya qilinuvchi «Mirzacho‘l bunyodkori» kitobi taqdimoti o‘tkazilib, Qozog‘istondan kelgan faxriy mehmonlarga «Sirdaryo viloyati tashkil topganligining 60 yilligi» esdalik nishonlari topshirildi.  

O‘zA